Greta Tunberg Londonda hibsga olindi

Olam

image

Bugun, 23 dekabr kuni shvetsiyalik ekofaol Greta Tunberg Londonda Palestine Action harakatini qo‘llab-quvvatlash aksiyasi chog‘ida hibsga olindi. Bu haqda “Sky News” xabar berdi.

Telekanal ma’lumotiga ko‘ra, 22 yoshli ekofaol Greta Tunberg aksiya davomida “Men Palestine Action mahbuslarini qo‘llab-quvvatlayman. Men genotsidga qarshiman”, degan yozuvli plakatni ko‘tarib turgan. Norozilik aksiyasi London markazida, Aspen Insurance sug‘urta kompaniyasi ofisi oldida bo‘lib o‘tgan. Namoyishchilar aynan shu joyni tanlagan, chunki mazkur kompaniya Isroil bilan bog‘liq Elbit Systems mudofaa kompaniyasiga sug‘urta xizmatlari ko‘rsatadi.

Telekanal xabariga ko‘ra, ikki nafar faol bino fasadini qizil bo‘yoq bilan bo‘yagan, shundan so‘ng voqea joyiga politsiya yetib borib, ishtirokchilarni qo‘lga olgan.

Ma’lumot uchun, Palestine Action harakati Buyuk Britaniyada taqiqlangan bo‘lib, bunga harakat faollarining Oksfordshir grafligidagi Britaniya Harbiy-havo kuchlarining eng yirik bazasi – Brayz-Norton aviabazasiga bostirib kirib, ikkita Airbus Voyager yonilg‘i quyish samolyotini lom bilan shikastlagani va ularning turbinalariga qizil bo‘yoq sepgani sabab bo‘lgan. Faollarning bayonotiga ko‘ra, bu aksiya Britaniya harbiy havo kuchlarining Brayz-Nortondan Kiprdagi Akrotiri bazasiga har kuni amalga oshirayotgan parvozlariga qarshi norozilik sifatida o‘tkazilgan, chunki mazkur baza G‘azodagi harbiy operatsiyalarda ishtirok etmoqda.

Hozirda ushbu harakatga a’zolik yoki uni qo‘llab-quvvatlash jinoyat hisoblanadi va 14 yilgacha ozodlikdan mahrum etish bilan jazolanishi mumkin. Defend Our Juries tashkilotiga mansub “adolat tarafdorlari” esa muntazam ravishda Palestine Action’ni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ommaviy aksiyalar o‘tkazib, politsiya va sud tizimining taqiqni samarali amalga oshirish imkoniyatlarini cheklashga urinmoqda.

Harakatning bir guruh faollari joriy yil 2 noyabr – 1917 yilda Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vaziri Artur Balfur britaniyalik yahudiylar yetakchisi Uolter Rotshildga Falastinda yahudiy davlati tuzish tashabbusini qo‘llab-quvvatlash haqidagi maktubni yo‘llagan sana – “Balfur kuni”da ochlik aksiyasini boshlagan. Ulardan ikki nafari kecha, 22 dekabr kuni shifoxonaga yotqizilgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning oktyabr oyi boshida Greta Tunberg G‘azoga ketayotgan o‘nlab kemalardan iborat xalqaro “Global Sumud” flotiliyasi bilan birga Isroil tomonidan hibsga olingan edi. Tunberg 6 oktyabr kuni turli millatga mansub 70 dan ortiq hibsga olinganlar bilan Isroildan deportatsiya qilindi.


Maqola muallifi

Teglar

London Greta Tunberg Palestine Action

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing