Greta Tunberg Isroil qamoqxonasida og‘ir sharoitlarda ushlab turilmoqda – OAV
Olam
−
05 Oktabr 2025 10588 3 daqiqa
Shvetsiyalik ekofaol Greta Tunberg G‘azoga yordam flotiliyasi a’zolari bilan birga hibsga olingandan so‘ng Isroil qamoqxonasining shafqatsiz munosabatidan shikoyat qildi. Bu haqda “The Guardian” xabar berdi.
Tunbergning yoniga borgan diplomatlarning so‘zlariga ko‘ra, u “hasharotlar to‘la bo‘lgan kamerada o‘tirgani, juda oz suv va ovqat olgani hamda holdan toyganini” aytgan.
Boshqa flotiliya a’zolarining ta’kidlashicha, harbiylar Gretani bayroqlarni ushlab turishga majburlagan holda suratga olgan va unga qarshi kuch ishlatgan.
“Ular Gretaning sochidan tortib, kaltaklashdi va Isroil bayrog‘ini o‘pishga majbur qilishdi”, degan turkiyalik faol Ersin Chelik “Anadolu” agentligiga.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, jami 437 kishi – turli mamlakatlardan borgan faollar, huquqshunoslar va parlament deputatlari hibsga olingan. Ularning barchasi Isroilning G‘azodagi dengiz blokadasini buzishga uringan “Global Sumud Flotilla” xalqaro flotining bir qismi edi. Ushlanganlar Negev cho‘lidagi Ketsiot qamoqxonasiga olib ketilgan.
Adalah tashkiloti huquq himoyachilarining xabar berishicha, hibsga olinganlarga suv, dori-darmon va advokatlar kirish imkoni berilmayapti. Advokatlarning ta’kidlashicha, ko‘pchilik bir necha soat davomida ovqatsiz va suvsiz ushlab turilgan va Gretaga “foydalanish uchun bir qop chips berishgan”.
Isroil tomoni ayblovlarni rad etib, hibsga olinganlarning barchasi “suv, oziq-ovqat va tibbiy yordam bilan ta’minlangani”ni aytdi.
Bir qator nashrlar Isroil elchixonasining rasmiy javobidan iqtibos keltirgan holda “Isroil qonun va inson huquqlari hurmat qilinadigan davlat bo‘lib qolayotgani”ni yozgan.
Shvetsiya Tashqi ishlar vazirligi vakillari Tunberg va hibsga olingan yana sakkiz nafar Shvetsiya fuqarosining yoniga borganini tasdiqladi. Diplomatlar hibsda saqlash sharoitlarini yaxshilash, advokatlar va shifokorlar bilan uchrashishni talab qilmoqda.
Xalqaro “Global Sumud” flotiliyasi
Xalqaro “Global Sumud” flotiliyasi o‘nlab kemalardan iborat bo‘lib, bir necha kundirki G‘azo tomon harakat qilmoqda. Uning bortida katta miqdorda insonparvarlik yordami, jumladan dori-darmonlar ham bor. Bu flotiliya – hozirgacha Falastin eksklaviga yo‘l olganlar ichidagi eng yirigi hisoblanadi.
“Sumud” so‘zi arab tilidan “matonat”, “soqovlik” yoki “mustaxkam iroda” deb tarjima qilinadi. 1967 yilgi Olti kunlik urushdan keyin bu atama falastinliklar uchun bosim ostidagi qarshilik va omon qolish strategiyasini ifoda etuvchi asosiy tushunchaga aylangan.
“Sumud” falastinliklarning o‘z yerlarini saqlab qolishini, milliy o‘zligini va madaniyatini asrab-avaylashini hamda zo‘ravonliksiz qarshilik shakllaridan – fuqaroviy itoatsizlik va muqobil institutlar yaratish kabi usullardan foydalanishini anglatadi. Falastin ramzshunosligida “Sumud”ni ifodalash uchun an’anaviy ravishda zaytun daraxti va homilador dehqon ayol kabi obrazlar ishlatiladi.
Eslatib o‘tamiz, 1 oktyabr kuni kechqurun Isroil harbiy-dengiz kuchlari G‘azoga gumanitar yordam yetkazish uchun yo‘lga chiqqan “yordam flotiliyasi”ni to‘xtatgandi. Bir nechta kemalar zarar yetkazilmagan holda ushlab qolingan va yo‘lovchilar Isroil portlariga olib borilgan. 3 oktyabr kuni Isroil harbiylari xalqaro “Global Sumud” flotiliyasini hujum orqali to‘xtatib, missiya tarkibidagi oxirgi kemani noqonuniy ravishda egalladi.