Grenlandiya Bosh vaziri Daniyadan mustaqillikni talab qilmoqda

Olam

image

Grenlandiya (Daniya tarkibidagi muxtoriyat) Bosh vaziri Mute Egede dunyodagi eng katta orolning mustaqilligi haqida gapirdi. Bu haqda joriy yilning 2 yanvar kuni Grenlandiya hukumati saytida chop etilgan Yangi yil murojaatida keltirilgan.

“Mamlakatimiz uchun navbatdagi qadamni tashlash vaqti keldi. Dunyoning boshqa davlatlari kabi biz ham mustamlakachilik davri kishanlari deb atashimiz mumkin bo‘lgan hamkorlikdagi to‘siqlarni olib tashlash, oldinga intilish ustida harakat qilishimiz kerak. Tarix va bugungi sharoitlar mavjud. Daniya Qirolligi bilan hamkorligimiz to‘liq tenglikni ta’minlamaganini ko‘rsatdi va agar biz Daniya konstitutsiyasiga tayanishda davom etsak, teng huquqli hamkorlikni yaratib bo‘lmaydi”, deyiladi Daniya va Grenlandiya tillarida chop etilgan murojaatda.

“Bizning kelajagimizni, jumladan, kimlar bilan yaqindan hamkorlik qilishimiz va savdo aloqalarimiz qanday bo‘lishi kerakligi haqida qadam tashlash va shakllantirish vaqti keldi, chunki bizning boshqa davlatlar bilan hamkorligimiz va savdo aloqalarimiz faqat Daniya orqali davom eta olmaydi”, deya qo‘shimcha qilgan Egede.

Uning ta’kidlashicha, so‘nggi bir necha yil ichida Grenlandiya parlamenti va hukumati Daniyadan ajralib chiqish uchun asos bo‘lgan konstitutsiyani ishlab chiqish bo‘yicha choralar ko‘rish uchun birgalikda ishlagan.

Grenlandiya: ulkan hudud, kam sonli aholi

Grenlandiya 2,1 million kvadrat metr maydonga ega dunyodagi eng katta oroldir (deyarli oltita Germaniya hududi). Ammo uning aholisi atigi 56 ming kishini tashkil qiladi. Orol XVIII asrda Daniya mustamlakasiga aylangan. 1979 yilgi referendumdan so‘ng Grenlandiya Daniya tarkibidagi o‘zini o‘zi boshqaradigan muxtoriyatga aylandi. 2009 yilda, navbatdagi referendumdan so‘ng Kopengagen o‘z muxtoriyatini kengaytirib, “Grenlandiyaning uy boshqaruvi to‘g‘risida”gi qonunni qabul qildi. Egede aynan shu qonunga ishora qilgan.

“Politico” nashrining eslatishicha, Grenlandiya hukumatini 2021 yildan buyon boshqarib kelayotgan bu siyosatchi uzoq vaqtdan beri mustaqillik tarafdori bo‘lgan Xalq hamjamiyati partiyasi (Inuit Ataqatigiit) yetakchisi hisoblanadi. 2009 yilda qabul qilingan qonunga ko‘ra, orol faqat muvaffaqiyatli referendumdan so‘ng mustaqilligini e’lon qilishi mumkin. “Politico” nashrining yozishicha, Egede uni aprel oyida orolda bo‘lib o‘tadigan parlament saylovlari bilan bir vaqtda o‘tkazishga shama qilgan.

Shu bilan birga, nashrning ta’kidlashicha, Grenlandiya o‘zining boy resurslariga qaramay, har yili Kopengagendan taxminan 500 million yevro miqdoridagi sezilarli moliyaviy subsidiyalar oladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHning saylangan prezidenti Donald Tramp Vashington hududni o‘z nazoratiga olishi kerakligini aytganidan keyin Daniya hukumati Grenlandiya mudofaasi uchun qo‘shimcha mablag‘ ajratilishini e’lon qilgandi. Daniya Mudofaa vaziri Troels Lund Poulsenning so‘zlariga ko‘ra, Grenlandiya mudofaasi uchun ajratiladigan mablag‘ miqdori “milliardlab ikki raqamli miqdor”ni tashkil etadi. Vazir aniq miqdorni aytmagan, ammo mahalliy OAV hisob-kitoblariga ko‘ra, bu “taxminan 12-15 milliard kron” (taxminan 1,7-2 milliard dollar) bo‘ladi.


Maqola muallifi

Teglar

mustaqillik Bosh vazir Daniya Grenlandiya Mute Egede

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing