Grantda o‘qigan talabalarning 3 yil ishlab berish majburiyati bekor bo‘lmagan – vazirlik

Jamiyat

image

Ijtimoiy tarmoqlarda grant asosida tahsil olgan OTM bitiruvchilarining majburiy tartibda kamida 3 yil ishlab berish talabi bekor bo‘lgani haqidagi xabarlar tarqaldi. Mazkur talabning bekor bo‘lganiga asos sifatida esa Prezidentning “Davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish jarayonlarini tashkil etish to‘g‘risida”gi PQ-279-sonli qaroriga asosan bekor qilingan 2005 yil 2 iyundagi PQ-92-sonli qarori keltirilgan. Ushbu xabarlar bo‘yicha Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi raddiya berdi

Ma’lum qilinishicha, Prezidentning 2005 yil 2 iyundagi qarori 6-bandida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda “Kadrlarni davlat grantlari asosida maqsadli tayyorlash to‘g‘risida”gi nizomni ishlab chiqish yuklatilgan.

Mazkur topshiriqqa muvofiq 2005 yil 7 iyuldagi 58, 154-1, 19 va 02/2658-sonli qaror bilan “Kadrlarni davlat grantlari asosida maqsadli tayyorlash tartibi to‘g‘risida” nizom tasdiqlangan. Unda oliy ta’lim muassasalarini davlat granti asosida tahsil olib tamomlagan bitiruvchilarning uch yil ishlab berish majburiyati belgilangan.

Vazirlikning bildirishicha, davlat rahbarining 2022 yil 15 iyundagi 279-son qarori 3-ilovasiga muvofiq Prezidentning ayrim qarorlari, jumladan, 2005 yil 2 iyundagi 92-son qarori o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblandi. Ammo mazkur qaror ijrosiga ko‘ra ishlab chiqilib, tasdiqlangan Kadrlarni davlat grantlari asosida maqsadli tayyorlash tartibi to‘g‘risidagi nizom o‘z kuchini yo‘qotmagan. 

Izohlanishicha, O‘zbekiston Respublikasining “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi Qonunining 46-moddasi birinchi qismiga ko‘ra, “Ilgari qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarga yangi normativ-huquqiy hujjat qabul qilinganligi munosabati bilan zarur o‘zgartishlar va (yoki) qo‘shimchalar kiritiladi hamda ilgari qabul qilingan barcha normativ-huquqiy hujjatlar yoki ularning qismlari, agar ular yangi huquqiy normalarga zid bo‘lsa, yoxud yangi normativ-huquqiy hujjat bilan to‘laligicha qamrab olingan yoki amalda o‘z huquqiy ahamiyatini yo‘qotgan bo‘lsa, lekin rasman o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilmagan bo‘lsa, o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilishi lozim”.

“Shunga ko‘ra, hozirga qadar nizomdagi tartiblar yangi huquqiy normalarga zid emas va ushbu nizomni o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish bo‘yicha qoida biror-bir normativ hujjatda ko‘zda tutilmagan. Bundan ko‘rinadiki, oliy ta’lim muassasalarini davlat granti asosida tamomlagan bitiruvchilarning uch yil ishlab berish majburiyati hozirgi kunda ham amal qiladi”, deyiladi xabarda.

Shuningdek, vazirlik tomonidan barcha ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilardan faqat rasmiy manbalar orqali e’lon qilinadigan xabarlarni tarqatishlari so‘ralgan.


Maqola muallifi

Teglar

OTM davlat granti Grant 3 yil ishlab berish

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing