Gorbachyov Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufdan nega uzr so‘ragandi?
Bu qiziq
−
25 Sentabr 2019
286231990 yildan 1991 yilgacha SSSR Prezidenti, 1988-1990 yillarda SSSR Oliy Kengashi raisi lavozimlarida faoliyat yuritgan Mixail Gorbachyov o‘z vaqtida Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufdan uzr so‘rashga majbur bo‘lgan. Bu voqea Shayxning ukasi Mahammad Amin Muhammad Yusufning xotiralari aks etgan “Islomga bag‘ishlangan umr” kitobida yozilgan.
Ma’lumki, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari 1989 yil dekabr oyida SSSR Oliy Kengashining xalq deputati etib saylanadi.
1989 yil. Avvaliga Ozarbayjonning Baku shahrida qo‘zg‘alonlar boshlandi. Bu shaharda Mixail Gorbachyov ilk bor ijtimoiy norozilikni bartaraf etishning o‘ta vahshiyona usullarni qo‘llab ko‘rdi. Farg‘ona va O‘shdagi voqealar ham aynan shu yilda ro‘y bergan edi.
O‘sha kezlarda Oliy sovet raisining o‘rinbosari Rafiq Nishonovdan Farg‘onada nima bo‘layotgani so‘raldi. Bu savol berilganda allaqachon qon to‘kilib, odamlar o‘lgan edi. Nishonov voqealarga bee’tibor shunday javob beradi:
“Bozorda ikki kishi qulupnay talashib, janjallashib qolibdi”.
Xo‘sh, voqealar aslida qanday bo‘lgan edi?
1989 yilning mayida Farg‘onada o‘zbeklar va mesxeti turklari o‘rtasida dahshatli qirg‘inga aylangan ommaviy to‘qnashuvlar boshlanib ketdi, butun Farg‘ona olov ichida qoldi. Ziddiyat to‘lqini o‘sha kezlar respublika aholisining qariyb yarmi yashayotgan Farg‘ona vodiysini butunlay o‘z domiga olishi mumkin edi.
Mualllif Muhammad Amin Muhammad Yusufning “Islomga bag‘ishlangan umr” nomli kitobida o‘sha yillardagi voqealar quyidagicha tasvirlangan:
“Xalq vakilligi xalqimizning boshiga og‘ir kunlar tushganida juda ham asqotgan edi. Farg‘ona va O‘sh voqealari paytida Muhammad Sodiq hazratlari ittifoqning yuqori minbaridan turib, xalqimizni himoya qilib gapirgan edilar. Farg‘ona voqealari boshlangan paytda u kishi, Moskvada Oliy Majlisda ishtirok etayotgan edilar. O‘shanda M.S.Gorbachyov minbardan turib, bu voqealarda musulmonlarni ayblagan. Esimda, muftiy hazratlari (Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf) Moskvadan turib qo‘ng‘iroq qilib, menga voqeaning aniq tafsilotlarini o‘rganishni tayinladilar. Men holatni aniq o‘rganib, bu voqealarda Islomning, musulmonlarning hech qanday aybi yo‘qligi xabarini yetkazdim. Shundan so‘ng muftiy hazratlari yana o‘sha minbardan turib, Islomni, xalqimizni himoya qilib gapirgach, keyinroq M.S.Gorbachyov u kishidan uzr so‘ragan edi. O‘shanda muftiy hazratlari Moskvadan maxsus reys bilan Farg‘onaga uchib kelib, voqealarning yanada chuqurlashuvining oldini olgan edilar.
O‘sh voqealarida ham bu fojianing oldini olish uchun davlat rahbarlariga holatni to‘g‘ri tushuntirib, harakat qilganlar, bu haqida xalqaro anjumanda nutq so‘zlaganlar. Keyinchalik o‘sha holatni esga olib, shunday degan edilar:
“Bu ishlar hech qanday qolipga sig‘maydi. Dini bir, kitobi bir, Payg‘ambari bir odamlar bir-birlari bilan urushib tursa, biror narsa deyishga ham odam hijolat bo‘lar ekansan...”
Haqiqatan ham, O‘sh, Farg‘ona voqealari qanday ro‘y berganligiga aqling yetmaydi. Millatlararo janjal desang, hammasi bir millat vakillari. Dinlararo janjal desang, hammasi bir din vakillari. Bu ishlarda qandaydir qora kuchlarning hidi kelib turardi”.
Ma’lumot o‘rnida, Farg‘ona hodisalari payti 100 dan ziyod kishi qurbon bo‘lgan va mingga yaqin inson jarohatlangan.
LiveBarchasi