Google va Meta kanadaliklarga yangiliklar xizmatini cheklamoqchi

Texnologiya

image

Meta o‘zining Instagram va Facebook platformalarida kanadalik obunachilar uchun yangiliklarni cheklashni boshlaydi. Bu haqda BBC xabar berdi. 

Kanada parlamenti munozarali “Onlayn yangiliklar to‘g‘risida”gi qonun loyihasini qabul qilgandan keyin kompaniya shu qarorga kelgan. Gap shundaki, Qonun loyihasi yirik platformalarni o‘z saytlarida joylashtirilgan yangilik kontenti uchun kompensatsiya to‘lashga majbur qiladi.

Bu borada Meta kompaniyasi yolg‘iz emas. Google ham allaqachon ba’zi kanadaliklar uchun yangiliklarga kirishni cheklashni sinab ko‘rgan.

Kecha, 22 iyun kuni Kanadaning “Onlayn yangiliklar to‘g‘risida”gi qonuni Senat tomonidan tasdiqlangan. Bu qonun Meta va Google kabi platformalardan tijoriy bitimlar to‘g‘risida muzokaralar olib borishni va yangiliklar uchun haq to‘lashni talab qiladi. Mustaqil parlament byudjetini nazorat qilish tashkiloti hisob-kitoblariga ko‘ra, platformalardan yiliga taxminan 329 million Kanada dollari (250 million AQSH dollari) miqdorida foyda olish mumkin.

Meta qonunni "bizning platformalarimiz qanday ishlashi haqidagi haqiqatlarni e’tiborsiz qoldiradigan noto‘g‘ri qonunchilik" deb atadi va Kanadadagi barcha foydalanuvchilar uchun Facebook va Instagram'dagi yangiliklar xizmati qonun loyihasi kuchga kirgunga qadar tugatilishini aytdi. Ushbu qonun Kanadada 6 oy ichida kuchga kirishi kutilmoqda.

"Biz joylashtirmaydigan havolalar yoki kontent uchun bizni pul to‘lashga majbur qiladigan va platformalarimizga ko‘p obunachilarni jalb qilmaydigan qonunchilik bazasi biz uchun foydali emas", dedi Meta vakili.

Kompaniya yangiliklarga kiritilgan o‘zgarishlar kanadalik foydalanuvchilar uchun boshqa xizmatlarga ta’sir qilmasligini aytdi.

Google esa qonun loyihasining bu ko‘rinishida ishlab bo‘lmasligini va hukumat bilan kelishish uchun yo‘l qidirayotganini bildirdi.

Ma’lumot uchun, 2021 yilda avstraliyalik foydalanuvchilarga xuddi shunday qonunga javoban Facebook'da yangiliklarni almashish yoki ko‘rish taqiqlangan edi.

Sevara Husniddinova


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Google Meta kanadaliklar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing