Google Rossiyadan barcha serverlarini olib chiqadi
Olam
−
26 dekabr 2477 2 daqiqa
Amerikaning Google kompaniyasi Rossiyadagi provayderlarni foydalanuvchilarga kontent yetkazib berishni tezlashtiruvchi Dell R720 serverlarini olib chiqib ketish niyati haqida xabardor qildi. Bu haqda o‘z manbalariga tayanib, RBK xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, gap YouTube videolari, xaritalar, Android ilovalari va Chrome brauzeri yangilanishlari, Google qidiruvidagi tasvirlar va boshqa kontentni saqlash uchun ishlatiladigan Google Global Cache (GGC) tizimidagi uskunalar haqida ketmoqda. Kompaniya Ukrainadagi urush boshlanganidan keyin Rossiyada bunday serverlarni o‘rnatishni to‘xtatgan.
Xabarda aytilishicha, Dell R720 serverlari “ishlab chiqarishdan chiqarilgani va kafolat muddati yo‘qligi” sababli ularni ekspluatatsiyadan chiqarish 2026 yil 26 yanvardan boshlanishi rejalashtirilgan. Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, bu serverlar “minimal trafikni qayta ishlaydi”. Shu bilan birga, Rossiyada joylashtirilgan Google Global Cache’ning qolgan uskunalari “ekspluatatsiyada qoladi”. Provayderlardan birining RBKga aytishicha, aniqlashtiruvchi xatda Google mazkur serverlarni o‘chirib, “stoyka”lardan chiqarishni va ularni olib ketish mumkin bo‘lgan manzilni ko‘rsatishni so‘ragan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Dell R720 serverlarining bir qismi “allaqachon olib chiqilgan” – bu ish bilan IT-uskunalarning butun hayotiy siklini boshqarish, jumladan demontaj va utilizatsiya bilan shug‘ullanuvchi Yevropaning MPK Asset Solutions kompaniyasi shug‘ullanmoqda.
Qayd etish joiz, Google Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan keyin mamlakatda tijoriy faoliyatini to‘xtatib, ofisini yopdi va faqat bepul servislarni qoldirdi. Kompaniyaning mahalliy yuridik shaxsi – “Google” MCHJ 2023 yil oktyabr oyida bankrot deb topilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyada Google’ning barcha xizmatlari cheklov ostiga tushishi mumkinligi haqida xabar berilgan edi.
Live
BarchasiRossiyada o‘z chaqalog‘ini tashlab, qochib ketgan ayol bolasi bilan O‘zbekistonga qaytarildi
26 dekabr
Shavkat Mirziyoyev o‘zining oldingi va rahbarlarning hozirgi maoshida katta farq borligini aytdi
26 dekabr