Google kompaniyasi bo‘linib ketishi mumkin
Olam
−
09 Oktabr
5708Kecha, 8 oktyabr kuni AQSH Adliya vazirligi Alphabet – Google kompaniyasining egasidan sud orqali kompaniyaning ayrim qismlarini, masalan, Chrome brauzeri va Android operatsion tizimini sotishni talab qilishi mumkinligini ma’lum qildi. Ular bu qismlar noqonuniy monopoliyani saqlab qolish uchun ishlatilmoqda, deb hisoblamoqda. Bu haqda “Bloomberg” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, avgust oyida AQSH sudi AQSH internet qidiruvlarining 90 foizi bilan shug‘ullanadigan Google noqonuniy monopoliya yaratish va dunyoning standart qidiruv tizimiga aylanish uchun milliardlab dollar sarflab, monopoliyaga qarshi qonunlarni buzganini aniqlagan.
Prokurorlarning ma’lum qilishicha, taklif qilinayotgan choralar Google'ning sun’iy intellekt sohasidagi tez rivojlanayotgan biznesda o‘zining oldingi hukmronligini davom ettirishining oldini olishga qaratilgan.
Shuningdek, Adliya vazirligi suddan Google qidiruv tizimini oldindan o‘rnatish yoki yangi qurilmalarda standart qidiruv tizimi sifatida o‘rnatish uchun to‘lov amalga oshirishni taqiqlashni so‘rashi mumkin.
Nashrga ko‘ra, Google ushbu qarorga apellyatsiya berishni rejalashtirmoqda. Bundan tashqari, kompaniya bu so‘rovlarni radikal deb atagan hamda ularning ishda aniq huquqiy masalalardan ancha chetga chiqayotganini bildirgan.
Ma’lum bo‘lishicha, vazirlikning yanada batafsil so‘rovlari 20 noyabrgacha sudga taqdim etilishi kutilmoqda. Google esa 20 dekabrgacha vaziyatni tuzatish bo‘yicha o‘z choralari haqida iltimosnoma kiritish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yevropa sudi Google monopoliyaga qarshi qonunlarni buzgani, Apple kompaniyasi esa Yevropa Ittifoqiga 13 milliard yevro (14,3 milliard dollar) soliqlarni qaytarishi kerakligi haqida qaror chiqargan edi.
LiveBarchasi