Google’da “o‘lat” so‘rovi keskin oshdi

Olam

−

image

Rossiyada “o‘lat” haqidagi ma’lumotlarni qidirish keskin oshdi. Joriy yilning 29 sentyabr–5 oktyabr kunlari Google’da ushbu so‘rovga qiziqish 2800 foizga ko‘paygan. Bu haqda “Meduza” xabar berdi.

Qayd etilishicha, qiziqish Shelexov shahridagi shifoxonalardan birida karantin joriy etilgani haqidagi xabarlardan keyin keskin oshgan.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Rossiya rasmiylari joriy yilning 29 sentyabr kuni Irkutsk o‘latga qarshi kurashish instituti xodimasi og‘ir pnevmoniya simptomlari bilan shifoxonaga yotqizilgani va 1 dan 2 oktyabrga o‘tar kechasi vafot etganini xabar qilgan edi.

OAV u o‘lat qurboni bo‘lgani haqida yozgan. Taxminlardan biriga ko‘ra, 27 yoshli ayol Mo‘g‘uliston bilan chegarada o‘lat o‘chog‘i qayd etilgan Buryatiyaga xizmat safaridan qaytgan. Boshqa bir taxminga ko‘ra esa, u laboratoriyada xavfli bakteriya solingan probirkani tasodifan sindirib yuborgan. Ayolning o‘limidan so‘ng u yotqizilgan Shelexov shifoxonasi karantinga yopilgan, shuningdek, marhuma bilan muloqotda bo‘lgan 189 kishi aniqlanib, shifoxonaga joylashtirilgan. Irkutsk viloyati gubernatori Igor Kobzev ushbu odamlarda kasallik belgilari aniqlanmaganini ma’lum qilgan.

Ushbu voqealar fonida O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston ehtiyot choralarini kuchaytirdi. Xususan, O‘zbekiston Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi o‘ta xavfli infeksiyalarning kirib kelishining oldini olish uchun mas’ul xizmatlarning shayligini oshirdi.

Shuningdek, 3 oktyabr kuni Baykalsk shahri ma’muriyati fuqarolarni Shelexovga bormaslikka chaqirgan. Keyinchalik bu xabar o‘chirib tashlangan. Joriy yilning 4 oktyabr kuni esa Irkutskdagi bir nechta shifoxonalarda uch haftalik karantin joriy etilgan.

Rossiya rasmiylari esa uning o‘latdan vafot etganini tasdiqlamagan. Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va inson farovonligi sohasini nazorat qilish federal xizmati (Rospotrebnadzor) bemorga “kelib chiqishi noma’lum pnevmoniya” tashxisi qo‘yilganini bildirgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing