“Golos.deti” – O‘zbekistonlik Singhga 15 soniya kifoya qildi
Madaniyat-san’at
−
09 yanvar 2023
4612910-mavsumi o‘tkazilayotgan Rossiyadagi “Golos.deti” loyihasida o‘zbekistonlik bolalar ham ishtirok etib kelmoqda. Loyihaning 5-sonida o‘zbekistonlik 12 yoshli Sofi Singh ismli qizaloq sahnaga chiqdi va 15-soniyadayoq muvaffaqiyatga erishdi.
Sofi Singh ko‘rsatuv an’anasiga ko‘ra, sahnaga chiqishidan avval qisqacha intervyu bergan.
“Men O‘zbekistonning Toshkent shahridanman, otam Hindistondan, onam esa o‘zbek. Ular universitetda tanishgan. Men hip-hop va balet bilan shug‘ullanaman. Bolaligimda shifokor bo‘lishni xohlardim. Onam meni vokal darslariga olib borganidan so‘ng, qo‘shiq kuylashga mehrim tushdi va menda yangi orzular paydo bo‘ldi”, deydi u.
Sofi Singh amerikalik xonanda Robert Kellining “Men ucha olishimga ishonaman” (“I Believe I Can Fly”) nomli qo‘shig‘ini kuyladi. E’tiborlisi u qo‘shiqni ijro eta boshlaganining 15-17 soniyalaridayoq hakamlar Yegor Krid, Basta va “MakSim” sahnaga o‘girilish tugmasini bosdi. Yegor Krid va “MakSim” qo‘shiq tugaguniga qadar o‘zbekistonlik qizni o‘rnidan tik turgan holda olqishladi. Shundan so‘ng Sofi Singh Yegor Krid jamoasini tanladi.
“Golos” tele-loyihasining qoidasiga ko‘ra, dastlabki bosqichda sahnaga chiqqan ishtirokchi qo‘shiq kuylaydi va jonli ijrosi orqali unga teskari o‘tirgan hakamlarni o‘ziga qaratishga urinadi. Agar hakamlarga ijrochining ovozi ma’qul kelsa, ular sahnaga o‘giriladi. Bunday hollarda sahnadagi qo‘shiqchi o‘ziga qaragan hakamlardan birini tanlashi va keyingi bosqichlarda uning guruhida bo‘lishi lozim.
Eslatib o‘tamiz, ushbu ko‘rsatuvning 2 sonida ishtirok etgan yana bir o‘zbekistonlik bola, Firdavs Avezov ham sahnada har uch nafar hakamni o‘ziga qaratgan edi. Agar ushbu ishtirokchilar muvaffaqiyatli odimlashda davom etsa, yuqori bosqichlarda bir-biriga raqib sifatida to‘qnash kelishi mumkin.
Ma’lumot o‘rnida, turli yillarda Sevara Nazarxon, Nargiz Zokirova, Sardor Milano, Sabina Mustayeva, Madina Saidazimova va Shuhrat Turdixo‘jayev kabi asli kelib chiqishi o‘zbekistonlik bo‘lgan san’at vakillari ushbu loyihada ishtirok etgan.
LiveBarchasi