Gollivudda ish tashlashlar butunlay tugadi
Madaniyat-san’at
−
10 noyabr 2023
4282Gollivud aktyorlari uyushmasi kinostudiyalar bilan kattaroq maoshlar va suratga olish jarayonida sun’iy intellektdan foydalanish bo‘yicha kelishuvlarga erishdi. Bu haqda “Euronews” nashri xabar berdi.
Amerika televideniye va radio san’atkorlari federatsiyasi (SAG-AFTRA) aktyorlarning iyul oyida boshlangan ish tashlashini to‘xtatishga chaqirdi. 118 kundan beri davom etib kelayotgan namoyishlar nihoyat tugadi. Bu SAG-AFTRA`ning 90 yillik tarixidagi eng uzun ish tashlashlar bo‘ldi.
SAG-AFTRA`ning bildirishicha, televideniye bo‘yicha muzokaralar qo‘mitasi Kinofilm va televideniye prodyuserlari alyansi (AMPTP) bilan taxminiy kelishuvni bir ovozdan ma’qulladi. Kecha, 9 noyabr kuni soat 12:01 dan boshlab esa ish tashlashlar rasman to‘xtatildi. Ushbu kelishuvda bir milliard dollardan ortiq qiymatdagi uch yillik shartnoma imzolandi. Unga a’zolarni sun’iy intellekt tahdididan himoya qilishga rozilik va kompensatsiya, shuningdek, strimingda ishtirok etish bonusi kabi qoidalar kiritilgan. Biroq, SAG-AFTRA shartli kelishuv tashkilotning Milliy kengashi tomonidan ko‘rib chiqilgunga qadar shartnomaning to‘liq tafsilotlari ochiqlanmasligini bildirgan. Bu jarayon esa bir necha kun davom etadi.
Endi SAG-AFTRA va AMPTP taxminiy kelishuvga erishgandan so‘ng, uzoq vaqtdan beri to‘xtab qolgan Oskar taqdirlash marosimi boshlanishi mumkin.
Ma’lumot uchun, SAG-AFTRA aktyorlarining ish tashlashi joriy yilning 13 iyul kuni kinostudiyalar bilan ko‘proq maosh va sun’iy intellektdan foydalanish borasidagi kelishmovchiliklar ortidan boshlandi. Bungacha esa Amerika Yozuvchilar Gildiyasi (WGA) ham may oyida ish tashlashlarni boshlab yuborgandi. Bu so‘nggi 60 yil ichida birinchi marta ikkala kasaba uyushmasining bir vaqtning o‘zida ish tashlashi bo‘ldi. Oqibatda Gollivudda suratga olish va premera jarayonlari bir necha oy davomida deyarli to‘xtab qoldi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yozuvchilar Gildiyasi (WGA) ham bu borada kinostudiyalar bilan 3 yillik kelishuvga erishgandi.
LiveBarchasi