Gollivud yozuvchilar bilan muammosini hal qildi. Endi navbat aktyorlarga
Madaniyat-san’at
−
12 Oktabr 2023
3906Gollivudda ishlab chiqarishning to‘xtashiga va qizil gilamlarning bo‘shab qolishiga sabab bo‘lgan yozuvchilarning 148 kunlik ish tashlashlaridan so‘ng, nihoyat kinostudiyalar bilan kelishuvga erishildi. Bu haqda “Euronews” xabar berdi.
Disney, Netflix va Warner Bros. Discovery rahbarlarining bevosita ishtirokidagi muzokaralardan so‘ng, 24 sentyabr kuni taxminiy kelishuvga erishildi. Ikki kundan so‘ng, boshqaruv kengashi a’zolari kelishuvni ma’qullash uchun ovoz berganida, ish tashlash tugagan, deb e’lon qilindi va yozuvchilar ishga qaytdi. Bir hafta ichida tungi tok-shoular qayta efirga qo‘yildi.
Amerika Yozuvchilar Gildiyasi 9 oktyabr kuni ovoz berishda qatnashgan 8 ming 525 a’zoning 99 foizi sentyabr oyi oxirida kasaba uyushmalari rahbarlari bilan kelishuvni ratifikatsiya qilish uchun ovoz berganini e’lon qildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu shartnoma uch yilga ratifikatsiya qilindi. Uning yaroqlilik muddati 2026 yilning 1 mayigacha amal qiladi.
Yozuvchilar uyushmasi a’zolari va yetakchilari tomonidan katta g‘alaba sifatida keng e’tirof etilgan yangi shartnoma ish haqini va xodimlar sonini oshirish, shuningdek, sun’iy intellektdan foydalanishni nazorat qilish kabi qoidalarni o‘z ichiga olgan.
“Biz birgalikda olti oy oldin ko‘pchilik imkonsiz, deb aytgan narsaga erisha oldik”, dedi WGA-East prezidenti Meredit Stim o‘z bayonotida.
Endi diqqat markazida Gollivudning ish tashlagan yana bir guruhi - aktyorlar turibdi. Amerika televideniye va radio ijodkorlari federatsiyasining rahbarlari shu haftada studiyalar bilan shartnoma imzolash uchun muzokaralar o‘tkazadi.
Yozuvchilar gildiyasi rahbarlari studiyalarni aktyorlarning talablarini qondirishga chaqirib, ularning a’zolari kelishuvga erishilguniga qadar aktyorlar bilan namoyish o‘tkazishda davom etishini aytdi.
Eslatib o‘tamiz, iyul oyida dastlab Gollivudning yozuvchilari, keyinroq aktyorlar suratga olish jarayonida sun’iy intellektdan foydalanishni cheklash va ish haqini oshirishni talab qilib ish tashlash qilgan, ammo kinostudiyalar bilan muzokaralarga erishib bo‘lmayotgandi.
LiveBarchasi