Gollivud aktyorlari ommaviy ish tashlamoqchi
Madaniyat-san’at
−
14 iyul 2023
9310Gollivud kinoaktyorlari studiya bilan mablag‘ masalasida kelishuvlarga erisha olmayotgani sabab ommaviy ish tashlashni rejalashtiryapti. Bu haqda “Amerika ovozi” xabar berdi.
Amerikalik aktyorlar uyushmasi SAG-AFTRA va uning muzokarachilari 12 iyul kuni Gollivud studiyalari bilan kelishuvga erishib bo‘lmagani sabab ish tashlashni tavsiya qilgan.
Kelishuvda 160 mingga yaqin aktyorlarning ish haqini oshirib berish so‘rovi rad etilgan. Bu uyushma a’zolarining 1980 yildan beri birinchi marta kino va televideniye mahsulotlarida suratga tushishni to‘xtatishiga olib keldi.
To‘rt haftadan ortiq muzokaralardan so‘ng, Amazon, Apple, Disney, NBCUniversal, Netflix, Paramount, Sony va Warner Bros, Discovery kabi yirik studiyalar va strimerlarni o‘z ichiga oluvchi — Kinofilmlar va televideniye prodyuserlari ittifoqi (AMPTP) SAG-AFTRA a’zolari uchun adolatli kelishuv taklif qilishni istamadi.
“SAG-AFTRA vijdonan muzokaralar olib bordi va ijrochilarning ehtiyojlariga yetarlicha javob beradigan kelishuvga erishmoqchi edi, ammo AMPTP’ning eng muhim takliflarimizga bergan javoblari bizning bu sanoatga qo‘shgan ulkan hissamizni haqoratlash va hurmatsizlik bo‘ldi”, dedi SAG-AFTRA Prezidenti Fran Drescher.
Ittifoqning oddiy a’zolari allaqachon 98% ish tashlashni yoqlab ovoz bergan. Agar ish tashlash masalasi to‘liq ma’qullansa, aktyorlar may oyining boshida faoliyatini to‘xtatgan kino va televideniye yozuvchilariga qo‘shilishadi.
Ssenariy mualliflarining ish tashlashi tungi televizion tok-shoularning takrorlanishiga, kuz mavsumining ko‘plab teleseriallari va katta byudjetli filmlarning suratga olish jarayonini to‘xtatdi. Aktyorlarning ish tashlashi esa Gollivud studiyalarida ishlab chiqarishning to‘xtashiga olib keladi.
Eslatib o‘tamiz, “Karib dengizi qaroqchilari” filmida “Jek Chittak” roli bilan butun dunyoga tanilgan Gollivud aktyori Jonni Depp o‘tgan oy Gollivudni tark etganini e’lon qilgan.
LiveBarchasi