Glinka ko‘chasidagi portlash sababi ma’lum bo‘ldi

3-sahifa

image

Toshkent shahrining Glinka ko‘chasida yuz bergan avariyaga yerosti gaz quvuridagi sizib chiqish sabab bo‘lgani aniqlandi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Avvalroq, “Hududgaz Poytaxt” gaz ta’minoti filiali mazkur hududdan yuqori bosimli gaz quvuri o‘tmagani hamda sodir bo‘lgan hodisa tabiiy gaz tarmoqlari bilan bog‘liq emasligi, shuningdek, o‘rganishlar davomida gaz sizib chiqishi bilan bog‘liq holatlar aniqlanmaganini ma’lum qilgan edi. Biroq shahar hokimligi bergan ma’lumot bu xabarning aksini ko‘rsatmoqda.

Poytaxt hokimligining dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, diametri 219 mm bo‘lgan yerosti gaz quvuridan sizib chiqqan gaz issiqlik tarmog‘i kamerasida to‘planib, avariya holatini yuzaga keltirgan. Tekshiruv davomida gaz quvurining taxminan 375 kv sm (15×25 sm) maydonida bir nechta joydan gaz sizib chiqayotgani aniqlangan.

“Hozirgi vaqtda Toshkent shahar hokimligi uchun nafaqat hodisa oqibatlarini bartaraf etish, balki uning sabablarini chuqur o‘rganish, muhandislik tarmoqlarining holatini tekshirish va bunday holatlar takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaslik prinsipial ahamiyatga ega”, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, ayni paytda soha mutaxassislari hodisa sabablari va barcha tafsilotlarni batafsil o‘rganishda davom etmoqda. Tekshiruv yakunlangach, yo‘l qoplamasini tiklash ishlari davom ettiriladi va yaqin vaqt ichida yo‘l transport harakati uchun ochiladi.

Shuningdek, mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, tergov harakatlari olib borilmoqda. Tergov yakunlariga ko‘ra, aybdor shaxslarning xatti-harakatlariga huquqiy baho beriladi.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 3 sentyabr kuni Yakkasaroy tumanining Glinka ko‘chasida yuqori bosimli truba yorilishi oqibatida yo‘l qoplamasining bir qismi o‘pirilgan edi. Hodisa oqibatida bir kishi jarohatlangan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing