AQSH razvedka rahbari yashirincha Moskvaga borganining sababi ochiqlandi
Olam
−
13:10 2566 2 daqiqa
AQSH Markaziy razvedka boshqarmasi (MRB) direktori Jon Li Retkliff Rossiya rasmiylarini NATO davlatlariga, xususan, Estoniya, Latviya va Litvaga hujum qilishdan ogohlantirish uchun Moskvaga borgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda “Politico” xabar berdi.
Avvalroq, Retkliff joriy yilning 25 avgust kuni Moskvaga oldindan e’lon qilinmagan tashrif bilan borgan edi. Nashr Retkliff nima sababdan Rossiyaga borganini ochiqlagan bo‘lsada, uning Moskvada aynan kim bilan uchrashgani haqida ma’lumot bermagan.
“Uchrashuv, birinchi navbatda, Rossiyani Boltiqbo‘yi davlatlariga qarshi har qanday keskinlashuvdan ogohlantirishga qaratilgan edi”, degan “Politico” manbalaridan biri.
Nashr manbasiga ko‘ra, MRB rahbari Moskva rasmiylaridan Eronga harbiy va iqtisodiy yordam ko‘rsatishni to‘xtatishni ham talab qilgan.
AQSH Prezidenti Donald Tramp MRB rahbarining Rossiyaga tashrifini “qandaydir yarim odatiy sabab” bilan amalga oshirilgan deb atagan. U Retkliff Rossiyaga Putin NATOning qat’iyatini “sinab ko‘rmoqchi” ekani sababli yuborilganini rad etgan.
Avvalroq, avgust oyining boshida Putin yaqin bir necha yil ichida NATOning qat’iyatini sinab ko‘rishga urinishi mumkinligi haqida xabar berilgan edi. Buning uchun alyansning biror davlatiga cheklangan hujum uyushtirilishi mumkinligi taxmin qilingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov AQSH Markaziy razvedka boshqarmasi (MRB) direktori Jon Li Retkliffning Moskvaga tashrifi ikki mamlakat maxsus xizmatlari o‘rtasidagi aloqalar bilan bog‘liq bo‘lganini ma’lum qilgan edi. Shuningdek, u Retkliffning Vladimir Putin bilan uchrashuvi bo‘lmaganini aytgandi.
Live
Barchasi