Tramp vakillarining Moskvaga safari sababi ma’lum bo‘ldi
Olam
−
09:32 1631 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoff va kuyovi Jared Kushner Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushni yakunlash bo‘yicha tinchlik kelishuviga erishish uchun xorijga yo‘l oladi. Bu haqda Tramp kecha, 4 sentyabr kuni jurnalistlarga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Nashrga ko‘ra, Tramp Oq uyda jurnalistlar bilan suhbatda AQSH urushni tugatishga qaratilgan yangi va aniq taklifga ega ekanini aytgan. Biroq Tramp tinchlik taklifining tafsilotlarini ochiqlamagan. Shuningdek, Uitkoff va Kushner Rossiyaga, Ukrainaga yoki har ikki davlatga borishini ham aniq aytmagan.
“Bizda tinchlik uchun bir g‘oya bor“, degan Tramp.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Uitkoff va Kushner “ajoyib muzokarachilar“ bo‘lib, AQSH ularni kelishuvga erishish imkoniyatini baholash uchun yubormoqda.
Avvalroq, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy esa Uitkoff va Kushner avval Moskvaga, ertaga, 6 sentyabr kuni esa Kiyevga borishini ma’lum qilgan. “Reuters“ manbalariga ko‘ra, ular hafta oxirida Moskvaga tashrif buyurib, keyin Kiyevga yo‘l olishni rejalashtirgan. Biroq xavfsizlik masalalari sababli safar jadvali so‘nggi kunlarda o‘zgargan va Kiyevga tashrif hali yakuniy tasdiqlanmagan.
G‘arb razvedka xizmatlarining aksariyat vakillari Rossiya Prezidenti Vladimir Putin qisqa muddatli kelishuvga erishishdan manfaatdor ekaniga shubha qilmoqda. Ukraina razvedkasi esa Rossiya yaqin istiqbolda urushni yumshatish o‘rniga, uni yanada kuchaytirishi mumkinligini taxmin qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Markaziy razvedka boshqarmasi direktori Jon Retkliff Rossiya poytaxti Moskvaga e’lon qilinmagan muzokaralar uchun borgan edi.
Live
Barchasi