Zangiotadagi portlashga nima sabab bo‘lgani ochiqlandi

3-sahifa

image

Toshkent viloyatining Zangiota tumanida joylashgan avtomobillarga suyultirilgan gaz to‘ldirish shoxobchasida (AGTSH) yuz bergan portlashning dastlabki sabablari ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi xabar berdi.

Hodisa joriy yilning 16 iyul kuni soat 22:46 larda Zangiota tumani Erkin mahallasidagi “Ohangaron gaz to‘ldirish shoxobchasi” MCHJga qarashli AGTSHda sodir bo‘lgan edi.

Dastlabki o‘rganishlarga ko‘ra, mazkur shoxobchaga faqat avtomobillarga suyultirilgan gaz quyish uchun ruxsat berilgan bo‘lishiga qaramay, belgilangan talablar buzilib, maishiy gaz ballonlariga ham gaz to‘ldirilgan.

Qayd etilishicha, hodisa vaqtida Labo rusumli avtomobilda olib kelingan 6 dona 100 litrli maishiy gaz balloniga qo‘lbola tayyorlangan o‘tish moslamasi orqali gaz quyilayotgan bo‘lgan. Uchinchi ballon to‘ldirilayotgan vaqtda shlang yorilib, ulangan joyidan ajralib chiqqan. Bosim ostidagi shlangning qattiq jismga urilgani oqibatida chaqnash yuz berib, gaz ballonlari ketma-ket portlagan. Hodisa oqibatida 2 ta gaz balloni portlagan, yana 4 tasi yonib, mexanik deformatsiyaga uchragan.

Portlash oqibatida 3 nafar fuqaro turli darajadagi kuyish tan jarohatlari olgan. Ulardan ikki nafarining ahvoli o‘rta og‘ir, bir nafarining esa ahvoli og‘ir ekani aytilmoqda.

Hozirda hodisa joyida Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi mutaxassislari hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar ishtirokida o‘rganish ishlari olib borilmoqda.

Bildirilishicha, mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Portlash va yong‘inning aniq sabablarini aniqlash maqsadida sudga oid kompleks ekspertiza tayinlangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qashqadaryo viloyatining Qarshi tumanida suyultirilgan gaz quyish shoxobchasida portlash sodir bo‘lgan edi. Shuningdek, Andijon viloyatining Xonobod shahrida joylashgan avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchasida havo-gaz aralashmasining chaqnashi sodir bo‘lgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing