Gitler tug‘ilgan uy politsiyaga topshirildi
Olam
−
18:57 1029 2 daqiqa
Avstriyaning Braunau-am-Inn shahrida Adolf Gitler 1889 yilda tug‘ilgan uyda yangi politsiya bo‘limi va tuman politsiya boshqarmasi ish boshladi. Avstriya hukumati binoga natsizm tarafdorlari uchun ramziy ahamiyat qoldirmaslik maqsadida uni to‘liq rekonstruksiya qildi. Bu haqda “Deutche Welle” xabar berdi.
Nashr ma’lumotiga ko‘ra, Zalsburger-Forshtadt ko‘chasi, 15-uy to‘liq ta’mirlanib, uning tashqi ko‘rinishi ham o‘zgartirilgan. Hukumat bir necha yil davomida mazkur uyni “neytrallashtirish” rejasini ishlab chiqqan. Uning asosiy maqsadi binoga natsizm tarafdorlari uchun ramziy ahamiyat qoldirmaslikdan iborat bo‘lgan.
Qayd etilishicha, Gitlerning ota-onasi ushbu uyda kvartira ijaraga olgan bo‘lib, o‘g‘li tug‘ilganidan uch yil o‘tib u yerdan ko‘chib ketgan. 1938 yilda Avstriya fashistlar Germaniyasiga qo‘shib olingach, binoga Milliy sotsialistik nemis ishchilar partiyasi (NSDAP) egalik qilgan va u yerda “mafkuraviy markaz” tashkil etgan.
Ikkinchi jahon urushidan keyin bino kutubxona, bank, ta’lim muassasasi va ijtimoiy ustaxona sifatida foydalanilgan. 2011 yildan buyon esa bo‘sh qolgan. 2016 yilda Avstriya hukumati uyning egalariga tovon puli to‘lab, uni davlat tasarrufiga olgan.
Biroq bu qaror mahalliy aholi va jamoatchilik faollarining bir qismi tomonidan tanqid qilindi. Ularning fikricha, binoda politsiya bo‘limi emas, balki natsizm va Ikkinchi jahon urushi oqibatlariga bag‘ishlangan xotira, demokratiya va ma’rifat markazi tashkil etilishi kerak edi.
Uy oldida “Tinchlik, erkinlik va demokratiya uchun. Fashizm takrorlanmasin. Millionlab qurbonlar bu haqda ogohlantirib turadi”, degan yozuv tushirilgan memorial tosh saqlab qolingan. Shu bilan birga, Avstriya hukumati binoga yangi maqom berilishi uning kelajakda qanday maqsadlarda foydalanilishi borasidagi bahslarga nuqta qo‘yadi, deb hisoblamoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Gitlerning Berlindagi bunkeri o‘rnida turarjoy binosi qurilishi mumkinligi haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi