“Bola qarash – ish emas”. Avstriya kansleri onalardan uzr so‘radi

Olam

image

Avstriya kansleri Kristian Shtoker payshanba kuni Zalsburgdagi uchrashuvda farzandlarga qarashni ish deb hisoblamasligini aytgan edi. Ushbu so‘zlari keskin tanqidlarga sabab bo‘lganidan so‘ng, Shtoker 7 avgust kuni bayonoti noto‘g‘ri bo‘lganini tan olib, onalardan uzr so‘radi. Bu haqda “Kronen Zeitung” xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Shtokerning mamlakat bo‘ylab yaqindagi safari davomida Zalsburg shahridagi uchrashuvda ayollardan biri unga yolg‘iz onalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash masalasi bo‘yicha savol bergan. Uning ta’kidlashicha, yolg‘iz onalar farzandlariga qarash uchun haftasiga o‘rtacha 96 soat haq to‘lanmaydigan mehnat qiladi.

Kansler esa bolalarga qarashni “ish sifatida ko‘rib chiqmagan bo‘lardim”, degan. Shuningdek, u oilaviy hayotni “evaziga hech narsa olmasdan nimadir qiladigan” munosabat sifatida ta’riflagan.

Shtokerning ushbu so‘zlari ijtimoiy tarmoqlar va siyosiy doiralarda keskin tanqidlarga sabab bo‘ldi.

“Janob kansler, onalar sevishadi. Onalar ishlaydi. Onalar g‘amxo‘rlik qiladi. Onalar aql bovar qilmas ishlarni amalga oshiradi. Onalar ushbu mamlakatning ishlashini ta’minlaydi. Haq to‘lanmasdan mehnat qiladi. Ular masxaraga emas, uzrga loyiq”, degan “Yashillar” partiyasi matbuot kotibi Leonore Gevessler.

Avstriya Ozodlik partiyasi rahbari, o‘ng populist siyosatchi Gerbert Kikl esa Shtokerning so‘zlarini “onalar ustidan masxara” deb atagan.

Bahsli bayonotdan bir hafta o‘tib, kansler o‘z so‘zlaridan voz kechgan. U avvalgi fikrlarini “noto‘g‘ri” deb atab, onalardan “shartsiz” uzr so‘ragan.

“Farzandlarga g‘amxo‘rlik qilish bu mehnat. Aksariyat oilalarda hanuzgacha bolalarga qarash mas’uliyatining asosiy qismini o‘z zimmasiga olayotgan ayollar shu tariqa juda muhim ishni amalga oshiradi”, degan Shtoker.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 7 iyul kuni Vengriyada davlatga qarashli MTVA teleradiokompaniyasi hukumat qarori bilan efirni to‘xtatib, sobiq hukumat davrida yuritilgan tahririyat siyosati uchun jamoatchilikdan uzr so‘ragan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing