Ginness rekordlariga kirish uchun hindistonlik qiz 127 soat to‘xtamasdan raqs tushdi
Bu qiziq
−
18 iyun 2023
18860Hindistonning Maharashtra shtatida yashovchi 16 yoshli Srushti Sudhir Jagtap 127 soat tinimsiz raqs tushib Ginnessning yakkaxon ijro etilgan eng uzoq raqs rekordini yangiladi. Bu haqda “Timesnownews” nashri xabar berdi.
Jagtap o‘z urinishini 29 may tongida kollej auditoriyasida boshladi va 3 iyun kuni tushlikka qadar davom ettirdi. Rekord yangilangandan so‘ng u butun kun davomida uxlagan.
Qizning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi kun u tanasida paydo bo‘lgan og‘riqlar sabab juda qiynalgan.
“Tanamning har bir qismida og‘riqni his qilardim va ular muzlagandek tuyulardi. Ammo men faqatgina maqsadimga e’tibor qaratdim. Yaxshi tayyorgarlik sabab men ongim va tanamda sodir bo‘ladigan barcha o‘zgarishlarga ko‘nikkan edim. Shuning uchun oxirigacha xotirjam bo‘la oldim”, deydi Jagtap.
“The Indian Express” nashrining yozishicha, ushbu chiqishga rasman Svapnil Dangarikar hakamlik qilgan. Kollej auditoriyasi esa Jagtapni qo‘llab-quvvatlovchilar bilan gavjum bo‘lgan.
"Uning juda charchagan paytlari bo‘ldi, lekin ota-onasi doimo yonida bo‘lib, tetik bo‘lishiga yordam berish uchun uning yuziga suv sepib turdi. Umuman olganda, juda ta’sirli bo‘ldi", dedi Dangarikar.
Ma’lumot o‘rnida, avvalgi eng uzoq vaqt ijro etilgan raqs rekordi nepallik raqqos Bandana Nepal tomonidan o‘rnatilgan. U 2018 yilda 126 soat tinimsiz raqsga tushgan.
Sevara Husniddinova
LiveBarchasi