Britaniyalik erkak 1,3 tonnalik qovoq yetishtirib, rekord o‘rnatdi
Bu qiziq
−
22:36 556 1 daqiqa
Buyuk Britaniyalik 65 yoshli Ian Paton salkam 1,3 tonna og‘irlikdagi ulkan qovoq yetishtirib, yangi Ginness rekordini o‘rnatdi. Bu haqda UPI xabar berdi.
Qayd etilishicha, erkak Berkshirdagi gigant sabzavotlarni tortib ko‘rish marosimida yangi jahon rekordini qayd etgan. Sabzavot Paton o‘tgan yili egizak akasi Styuart bilan birgalikda yetishtirgan avvalgi rekordchidan deyarli 17 kg og‘irroq chiqqan. Ulkan qovoqning vazni begemot og‘irligiga teng, aylanasi esa olti metrdan oshgan.
Bog‘bon o‘simlik parvarishi uchun kuniga 6 soatgacha vaqt ajratgan va har kuni 500 litrga yaqin suv sarflagan. Eng faol o‘sish davrida qovoq bir sutkada 20 kggacha vazn to‘plagan. Bu yil Paton ilk bor gigant sabzavodni mustaqil ravishda yetishtirgan, chunki uning akasi 50 yillik birgalikdagi sevimli mashg‘ulotdan so‘ng nafaqaga chiqishga qaror qilgan.
Rekordchi sabzavot Xempshir grafligidagi fermaga ko‘rgazmaga qo‘yilgan. Namoyish yakunlangach, u chorva mollariga yem sifatida beriladi. Fermerning o‘zi esa allaqachon 2,6 mingdan ortiq urug‘ yig‘ib olgan va kelgusida og‘irligi 1,36 tonnadan oshadigan qovoq yetishtirishni rejalashtirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ginnessning yangi rekordlar kitobi dunyo yuzini ko‘rgandi. Unga butun sayyora bo‘ylab o‘nlab favqulodda jahon yutuqlari, jumladan, eng tor Fiat avtomobili ham kiritilgan edi.
Live
Barchasi