Hindistonda bir vaqtning o‘zida 206 mingdan ortiq odam kitob o‘qidi
Olam
−
20:39 369 1 daqiqa
Hindistonning Tamilnad shtati Erod okrugida bir vaqtning o‘zida kitob o‘qish bo‘yicha yangi jahon rekordi qayd etildi. Ushbu yirik aksiyada 206 ming 706 kishi ishtirok etdi. Bu haqda ANI News xabar berdi.
Qayd etilishicha, 2026 yil 31 iyuldan 12 avgustgacha bo‘lib o‘tgan 22-Erod kitob festivali davomida muvaffaqiyatli tarzda tarixiy jahon rekordi o‘rnatilgan. Kitob festivali tashkilotchilari okrugdagi o‘quv yurtlari, kutubxonalar va jamoat joylarida 519 ta maydoncha ajratgan, u yerda ishtirokchilar yarim soat davomida bir vaqtda badiiy va ilmiy-ommabop adabiyotlarni o‘qigan.

Nashrning yozishicha, bunday keng ko‘lamli aksiyani o‘tkazishdan asosiy maqsad – raqamlashtirish davrida mahalliy hokimiyat va jamoat tashkilotlarining yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni ommalashtirish hamda bolalarning mobil qurilmalarga qaramligini kamaytirishga bo‘lgan intilishi bo‘lgan.
Bildirilishicha, bu kabi tashabbuslar bosma nashrlarga bo‘lgan qiziqish ortib borayotganini ko‘rsatmoqda: 2026 yilga kelib shtatda savodxonlik darajasi 80 foizdan oshgan. Ginnesning rekordlar kitobi rasmiy vakillari barcha reglament shartlari, jumladan, har bir kitobxonning qat’iy hisobga olinishi va sessiyaning bir vaqtda boshlangani to‘liq bajarilganini tasdiqlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Andijon shahridagi “Bobur arena” stadionida 20 ming nafar ishtirokchi bir vaqtning o‘zida “Andijon polkasi”ga raqsga tushgani va Ginnessning rekordlar kitobiga kiritilgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi