Gibrid urush xavfi: YeI rossiyaliklar uchun viza shartlarini kuchaytiradi
Olam
−
10:00 371 2 daqiqa
Yevrokomissiya diversiyalar va boshqa gibrid hujumlar xavfi ortib borayotgani munosabati bilan Rossiya fuqarolari uchun viza qoidalarini qat’iylashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlamoqda. Bu tashabbusni kelasi yilning boshida taqdim etish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Yevroittifoq vakillariga tayanib, “Politico” nashri xabar bermoqda.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Polsha, Shvetsiya, Estoniya va bir qator boshqa mamlakatlar yanada qa’tiy cheklovlar joriy etilishini, jumladan, Ukrainadagi bosqinda ishtirok etgan shaxslarga nisbatan ham cheklovlar qo‘llanilishini talab qilmoqda.
O‘tgan yili rossiyaliklar Shengen hududiga kirish uchun 478 mingga yaqin sayyohlik vizasini olgan. Ularning ko‘pchiligi ko‘p martalik vizalar bo‘lib, YeI mamlakatlariga hujjatlarni qayta rasmiylashtirmasdan kirish imkonini beradi. Shvetsiya Adliya vaziri Gunnar Stryommer “Politico”ga ma’lum qilishicha, Moskva tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan diversiyalar, o‘t qo‘yishlar va boshqa gibrid operatsiyalar xavfi fonida amaldagi tizim xavfsizlikka tahdid solmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa viza tizimida YeIning “g‘animlari foydalanib qolishi mumkin bo‘lgan zaif nuqtalar” mavjud. Stryommer qoidalarni qat’iylashtirishni “ortib borayotgan qo‘llab-quvvatlov” bilan qutlab, Shvetsiya Yevrokomissiyaning takliflarini 2027 yildan oldinroq ko‘rishni xohlashini ta’kidlagan.
Estoniya Ukrainaga qarshi urushda ishtirok etgan Rossiya qurolli kuchlarining sobiq harbiy xizmatchilariga Yevroittifoqqa kirishni butunlay taqiqlashni taklif qilgan. Mamlakat TIV rahbari Margus Saxknaning baholashicha, gap taxminan 650 ming kishi haqida bormoqda. Uning hisoblashicha, blok xavfsizligi uchun umumevropacha yondashuv zarur, chunki, uning ta’kidlashicha, sobiq harbiylar Yevropaga Rossiya maxsus xizmatlari ko‘magida borishi va hujumlarni tayyorlashda ishtirok etishi mumkin.
Yevropaning migratsiya bo‘yicha komissari Magnus Brunner ham YeI mamlakatlarini rossiyaliklarga kamroq viza berishga chaqirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, dastlabki qisqarishdan so‘ng ularning soni kamaymay qolgan, sayyohlik maqomining o‘zi esa Yevropaga aynan kim kirib borayotganini aniqlash imkonini bermaydi.
Joriy yilning iyun oyida YeIning to‘qqizta mamlakati, shuningdek Islandiya va Norvegiya vazirlari Yevrokomissiyani rossiyaliklarga viza berish bo‘yicha yagona yondashuv ishlab chiqishga chaqirgan. Ular tarqoq siyosat Rossiyaga bo‘lgan bosimni susaytirishi mumkinligini bildirgan.
Finlyandiya Bosh vaziri Petteri Orponing ma’lum qilishicha, mamlakat 15-16 oktyabr kunlari bo‘lib o‘tadigan Yevroittifoq yetakchilari sammitida Rossiya sayyohlik vizalarini berishni to‘xtatishni taklif qilmoqchi. Sentyabr oxirida YeIda, jumladan, milliy mansublik belgisi bo‘yicha ham vizalar berishni cheklash uchun qonunchilikni o‘zgartirish imkoniyati muhokama qilingan.
Live
Barchasi