Gershkovich yolg‘iz emas. Blinken Lavrovni Rossiyada hibsga olingan amerikaliklarni ozod qilishga chaqirdi
Olam
−
03 aprel 2023
9471Kecha, 2 aprel kuni AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan telefon suhbatida Rossiyada hibsga olingan Amerikaning “The Wall Street Journal” gazetasi jurnalisti Evan Gershkovichni ozod qilishga chaqirdi. Bu haqda Davlat departamenti matbuot xizmati rahbarining birinchi o‘rinbosari Vedanta Patelning yozma bayonotida aytildi.
Qayd etilishicha, Davlat kotibi AQSH fuqarosi bo‘lgan jurnalistning nomaqbul hibsga olinishidan Qo‘shma Shtatlarning jiddiy xavotirini bildirgan. Blinken uni zudlik bilan ozod qilishga chaqirgan. Shuningdek, Kotib Blinken Kremlni nohaq hibsga olingan AQSH fuqarosi Pol Uilanni ham zudlik bilan ozod qilishga chaqirgan.
Bundan tashqari, Blinken va Lavrov diplomatik missiyalarga o‘z vazifalarini bajarish imkonini beradigan shart-sharoitlar yaratish muhimligini muhokama qilgan.
Rossiya Federal xavfsizlik xizmati (FXX) Jamoatchilik bilan aloqalar markazi ma’lumotlariga ko‘ra, Gershkovich Amerika tomonining ko‘rsatmasi asosida Rossiya harbiy-sanoat majmuasi korxonalaridan birining faoliyati to‘g‘risida davlat sirini tashkil etuvchi ma’lumotlarni to‘plagan. Shu munosabat bilan jurnalist Yekaterinburgda qo‘lga olingan. FXXning Tergov departamenti unga nisbatan Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 276-moddasi (“Josuslik”) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atgan. Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskovning so‘zlariga ko‘ra, jurnalist jinoyat ustida qo‘lga olingan. 30 mart kuni Moskvaning Lefortovo sudi Gershkovichga nisbatan 29 mayga qadar hibsga olish tarzidagi ehtiyot chorasini tanlagan.
Blinken ozod etishni so‘ragan Pol Uilan esa AQSH, Kanada, Irlandiya hamda Buyuk Britaniya fuqaroligiga ega bo‘lgan. U 2018 yilning 28 dekabr kuni Rossiya FXX xodimlari tomonidan Moskvadagi Metropol mehmonxonasidagi xonada josuslik kampaniyasi vaqtida qo‘lga olingan edi. FXX Tergov bo‘limi unga nisbatan ham Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 276-moddasi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atgan. Moskva shahar sudi Uilanni aybdor deb topgan va uni 16 yilga tartibli koloniyaga hukm qilgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 30 mart kuni Yekaterinburgda “The Wall Street Journal” gazetasi muxbiri Evan Gershkovich josuslikda gumon qilinib, FXX tomonidan hibsga olingan edi. Shundan so‘ng AQSH Davlat departamenti Rossiyadagi barcha Amerika fuqarolarini zudlik bilan mamlakatni tark etishga chaqirgandi. AQSH ortidan Polsha ham o‘z fuqarolarini Rossiyani tark etishga chorlagandi.
LiveBarchasi