Germaniyaning yangi kansleri ilk bor Trampning huzuriga boradi
Olam
−
05 iyun
1888Bugun, 5 iyun kuni Germaniya kansleri Fridrix Mers hokimiyatga kelganidan keyin ilk bor AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan uchrashish uchun Vashingtonga tashrif buyurdi. Bu haqda “Deutsche Welle” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, ikki mamlakat yetakchilari Ukrainadagi urush, Yevropa Ittifoqi bilan AQSH o‘rtasidagi munosabatlar va boshqa mavzularni muhokama qiladi.
Mers mahalliy vaqt bilan kunning birinchi yarmida Oq uydagi Oval ofisda Donald Tramp bilan birinchi uchrashuvini o‘tkazadi. Uchrashuv davomida umumiy tushlik va so‘ngra matbuot uchrashuvi rejalashtirilgan.
Mers va Tramp o‘rtasidagi muzokaralarning markazida Ukrainadagi urushni to‘xtatishga qaratilgan harakatlar, NATOning kuchayib borayotgan tashqi tahdidlarga nisbatan reaksiyasi hamda AQSH bilan Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi bojxona ziddiyatlari turadi.
Bu safar Oq uy rahbarining oldiga Mers “yolvoruvchi”sifatida emas, balki Yevropaning pozitsiyasini qat’iyat bilan himoya qiluvchi siyosatchi sifatida bormoqda. Buni u o‘z chiqishlarida ham bir necha bor ta’kidlagan.
OAVning yozishicha, Oq uy rahbari Germaniya kanslerini ham o‘z tuzog‘iga ilintirib, boshqalar kabi uni ham AQSHdan sharmandali chiqarib yuborishi mumkin. Chunki bu usul oxirgi paytlar Tramp uchun “an’ana”ga aylanib bormoqda.
Masalan, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy va Janubiy Afrika Respublikasi Prezidenti Siril Ramafosa Oq uyga qilgan tashriflarida Donald Tramp bilan ochiq ziddiyatlarga duch kelgan.
Fridrix Mers shu kungacha Tramp bilan faqat bir marta ko‘p yillar oldin Nyu-Yorkda qisqacha uchrashgan edi. Biroq lavozimga kirishganiga to‘rt hafta bo‘lganidan beri u Tramp bilan bir necha marta telefon orqali gaplashgan – ba’zida yakka holda, ba’zida esa boshqa yevropalik yetakchilar ishtirokida va ushbu muloqotlarning barchasida Ukrainadagi urush mavzusi asosiy rolda turgan.
Qayd etish joiz, kansler AQSH poytaxtida taxminan 17 soat bo‘ladi. Fridrix Mers va Donald Tramp joriy yilning iyun oyida yana ikki marta uchrashadi – oy o‘rtalarida Kanadada bo‘lib o‘tadigan “Katta yettilik” (G7) sammitida va oy oxirida Niderlandiyada bo‘lib o‘tadigan NATO sammitida.