Germaniyada ikki o‘quvchi maymunchechakning xavfli shtammi bilan kasallandi

Olam

image

Germaniyada Mpox virusining Ib shtammi bilan kasallanish holatlari aniqlandi. Bu haqda “Deutsche Welle” nashri xabar berdi.

Qayd etilishicha, Germaniyaning Kyoln shahri yaqinida joylashgan maktabda ikki o‘quvchidan ushbu virus aniqlangan. Shu sabab maktab karantinga olingan. Bu ikki bola bilan birga oilaning yana ikki a’zosi ham Mpox virusining Ib shtammiga chalingan. Taxminlarga ko‘ra, kasallangan o‘quvchining oila a’zolaridan biri Afrikaga safar qilganida kasallikni yuqtirib olgan va tarqatgan. Hozirda to‘rt kishining barchasi karantinda saqlanmoqda.

Berlinning Robert Kox instituti (RKI) Germaniyada Mpox virusining xavfli shtammi bilan kasallanish xavfini “past” deb baholamoqda. Institut vakillari “Mpox'ni tarqatish uchun yaqin jismoniy aloqa zarur” deb ta’kidladi. Shuningdek, tibbiyot xodimlari vaziyatni diqqat bilan kuzatayotganini va zarur bo‘lsa, baholashni o‘zgartirishga tayyor ekanini qo‘shimcha qilgan.

Bu Germaniyda Mpox virusining Ib shtammi bilan kasallanishning birinchi holati emas, 2023 yilning oktyabrida Kyolnda kasallik qayd etilgan. Ushbu shaxs ham Afrikada kasallikka chalingan va karantinga olingan.

Ma’lumot uchun, dunyodagi birinchi Mpox kasalligi 1970 yilda Kongoda aniqlangan. Shundan buyon, asosan Afrika mamlakatlarida, lekin 2022 yildan boshlab dunyoning boshqa qismlarida ham ushbu kasallikning tarqalishi kuzatilgan. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yil yanvaridan 2024 yil avgustigacha dunyoning 120 dan ortiq mamlakatida 100 mingdan ortiq kasallik holatlari aniqlangan.

Ib shtammi boshqa Mpox viruslariga qaraganda ko‘proq yuqumli bo‘lib, o‘lim holatlarining ko‘payishiga olib keladi. 2024 yilning boshida bu shtamm Afrika bo‘ylab tarqalishni boshlagan va yangi epidemiyani keltirib chiqargan. 17 avgust kuni Afrika Ittifoqi Sog‘liqni saqlash agentligi 2024 yil boshidan beri qit’adagi 12 mamlakatda 18 mingdan ortiq Mpox kasalligi holatlari aniqlanganini, 541 kishining vafot etganini ma’lum qilgan. Shundan so‘ng JSST bu holatni global jamoat sog‘lig‘iga tahdid deb e’lon qilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti maymunchechak (Mpox) virusiga qarshi yaratilgan ikkinchi vaksinani tasdiqlagandi.  Yaponiyaning “KM Biologics” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan ushbu emlash vositasi “LC16m8” deb nomlanadi. Shu yil sentyabr oyida foydalanish uchun ruxsat etilgan Daniyaning “Bavarian Nordic A/S” kompaniyasiga tegishli “MVA-BN” nomli ilk emlash preparati 18 yoshdan oshganlarda qo‘llashga mo‘ljallangan edi. Yaponiyada ishlab chiqarilgan yangi vaksinani esa nafaqat kattalar, balki bir yoshdan oshgan bolalar ham favqulodda holatlarda qabul qilishi mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

Germaniya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing