Germaniyada amalga oshmagan davlat to‘ntarishi rejalari ochiqlandi
Olam
−
08 dekabr 2022 11197 3 daqiqa
Germaniyada davlat to‘ntarishiga tayyorgarlik ko‘rganlikda ayblanib hibsga olinganlar Germaniya Federativ Respublikasining yangi armiyasini tuzishni rejalashtirgan. Bu haqda Germaniya Bosh prokurori Peter Frank ma’lum qildi.
Uning ta’kidlashicha, fitnachilar hukumatga o‘xshash kengash tuzgan, u yangi davlatchilik va yangi davlat tuzilmasini rivojlantirish bilan shug‘ullanishi kerak bo‘lgan.
“Bizga ma’lum bo‘lishicha, uning harbiy qanoti yangi nemis armiyasini yaratishi kerak edi. O‘tmishda bu harbiy qanotning alohida a’zolari Bundesver (Germaniya Qurolli kuchlari)da faol xizmat qilgan”, deydi u.
Shu bilan birga, Frank sakkiz nafar mahbusni hibsga olish uchun order allaqachon chiqarilganini ta’kidladi. Ular orasida Reyss knyazi sulolasidan Genrix XIII ham bor.
"Der Spiegel" nashrining yozishicha, Germaniyada hibsga olingan, davlat to‘ntarishini rejalashtirgan o‘ng qanot ekstremistlar 2021 yil yanvarida AQSH Kongressi binosiga bostirib kirganlar namunasida harakat qilib, Bundestag binosiga kuch bilan kirmoqchi bo‘lgan.
“Yigirmaga yaqin odam Bundestagga Kapitoliyga bostirib kirishda qatnashganlar namunasi bilan kirib kelmoqchi edi”, deb yozadi nashr.
Germaniya Bosh prokuraturasi to‘ntarishni amalga oshirishda asosiy aloqa shaxsi hozirda Rossiya Federatsiyasi hisoblanishi, ayblanuvchi Genrix XIII P.R. Rossiya Federatsiyasining Germaniyadagi vakillari bilan allaqachon aloqaga chiqqani, biroq javob ololmagani haqida bayonot berdi.
Bosh prokuratura Rossiyaning Berlindagi elchixonasiga va matbuotga davlat to‘ntarishiga tayyorgarlik ko‘rishda gumon qilinayotgan shaxslarning Rossiya vakillari bilan aloqalari tafsilotlari haqida ma’lumot bermagan.
Berlindagi elchixonaning ma’lum qilishicha, Rossiyaning Germaniyadagi diplomatik muassasalari noqonuniy tuzilmalar vakillari bilan hech qanday aloqada emas.
To‘tarishga urinish
Avvalroq Germaniya Bosh prokuraturasi mamlakatda davlat to‘ntarishiga urinish bostirilgani haqida xabar bergan edi. 3000 ga yaqin politsiyachi ishtirok etgan keng ko‘lamli operatsiya davomida Germaniya maxsus xizmatlari davlat to‘ntarishini uyushtirganlikda gumon qilingan 50 dan ortiq kishidan 25 nafarini qo‘lga oldi.
Hibsga olinganlar orasida Rossiya Federatsiyasi fuqarosi – Vitaliya B. Ham bor. U gumonlanuvchilarga Rossiya Federatsiyasi vakillari bilan bog‘lanishda yordam bergani aytilmoqda. Bosh prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, hibsga olinganlar fitnaning mafkuraviy asoslarini millatchi nemis Reichsbuerger harakati va Qo‘shma Shtatlarda keng tarqalgan QAnon fitna nazariyasidan olgan.
Hozirgi operatsiya tarixdagi eng yirik operatsiyalardan biriga aylandi. Tintuvlar Germaniyaning 16 federal shtatlaridan 11 tasida, 130 dan ortiq uy va xonadonlarda o‘tkazildi.
Shu bilan birga, terrorchilik tashkiloti yirik va ildiz otgan bo‘lib chiqdi: uning tarkibiga Prussiya knyazlari merosxo‘ri, siyosatchi, yuqori martabali harbiylar va Mudofaa vazirligining maxsus kuchlari askarlari kirgan.
To‘ntarishni reja qilganlar hukumatga o‘xshash kengashni, shuningdek, harbiy qanotni yaratgan, boshqa narsalar qatori kuch tuzilmalarida – armiya va politsiyada tarafdorlarni faol ravishda jalb qilgan. Tashkilot a’zolari go‘yoki kichik qurolli guruh bilan Bundestag (parlament)ga bostirib kirishni rejalashtirgan.