Germaniyadagi festivalga hujumdan so‘ng qirg‘izistonlik o‘smir qo‘lga olindi
Olam
−
24 avgust
5558Germaniyaning Zolingen shahrida (Shimoliy Reyn-Vestfaliya) pichoqli hujumdan so‘ng 15 yoshli o‘smir qo‘lga olindi. Bu haqda bugun, 24 avgust kuni mahalliy politsiya ma’lum qildi.
Huquq-tartibot xodimlarining aniqlik kiritishicha, hozirda qo‘lga olingan shaxsning hujumga aloqadorligi aniqlanmoqda.
"Bir vaqtning o‘zida politsiyaning turli tadbirlari, jumladan, turli joylarda tintuvlar olib borilmoqda", deyiladi politsiya matbuot xabarida.
Qayd etilishicha, tergovga Germaniya federal organlari ham qo‘shilgan.
"Der Spiegel" nashrining yozishicha, qo‘lga olingan shaxs Qirg‘iziston fuqarosi bo‘lib, qochqinlar uchun yotoqxonada yashagan. Jurnalistlarning fikricha, u hujumning bevosita ijrochisi bilan gaplashib, yaqinlashib kelayotgan jinoyat haqida xabar bermasligi mumkin bo‘lgan. Nashrining yozishicha, o‘smir guvohlik berishdan bosh tortmoqda.
Kecha tunda Germaniya g‘arbidagi Zolingen shahrining 650 yilligiga bag‘ishlangan festival o‘rtasida shaharning markaziy maydonlaridan birida noma’lum shaxs pichoq bilan festival ishtirokchilariga hujum qildi. Hujum oqibatida uch kishi halok bo‘ldi, yana sakkiz kishi yaralandi. Ulardan besh nafarining ahvoli og‘ir. Jinoyatchi fojia joyidan noma’lum holda qochishga muvaffaq bo‘ldi.
“Umumiy holatlardan kelib chiqqan holda, terroristik jinoyatga oid dastlabki gumonni inkor etib bo‘lmaydi, deb hisoblaymiz”, dedi Dyusseldorf katta prokurori Markus Kaspers Vuppertaldagi matbuot anjumanida.
Germaniya kansleri Olaf Shols Zolingendagi pichoqli hujumni qoraladi.
"Biz qurbonlar uchun motam tutamiz va ularning oilalarini qo‘llab-quvvatlaymiz. Yaradorlar tezroq sog‘ayib ketishini tilayman. Jinoyatchi tezda qo‘lga olinib, qonun doirasida to‘liq jazolanishi kerak", deydi hukumat rahbari.
Germaniya Ichki ishlar vaziri Nensi Fezer o‘zining X sahifasida nemis xavfsizlik idoralari “jinoyatchini qo‘lga olish va hujum sabablarini aniqlash uchun barcha imkoniyatlarni ishga solayotganini” aytdi.
"Shimoliy Reyn-Vestfaliya politsiyasi federal hukumat tomonidan to‘liq qo‘llab-quvvatlanadi", deya qo‘shimcha qildi u.
Fezer, shuningdek, pichoqbozlik oqibatida halok bo‘lganlarning yaqinlariga hamdardlik bildirdi.
LiveBarchasi