Germaniyada Hukumat karantinga qarshi namoyish o‘tkazishni taqiqladi
Jamiyat
−
26 avgust 2020
3446Germaniya joriy yilning 29 avgust kuni Berlinda o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq karantin choralariga qarshi norozilik namoyishini taqiqladi.
Buning sababi sifatida poytaxt ichki ishlar boshqarmasi mamlakatda koronavirus infeksiyasining tarqalishining oldini olishni ko‘rsatmoqda.
Ichki ishlar vazirligi 1 avgust kuni bo‘lib o‘tgan namoyishlarni eslab, unda namoyishchilar ijtimoiy masofa va koronavirus infeksiyasining oldini olish choralarini ochiqchasiga e’tiborsiz qoldirganini qayd etmoqda.
Ichki ishlar bo‘yicha Berlin senatori Andreas Gayzelning ta’kidlashicha, taqiq namoyishlar o‘tkazish erkinligini cheklash emas, balki Berlin aholisi va mehmonlari sog‘lig‘ini himoya qilishga qaratilgan.
Gayzel huquq-tartibot idoralari xodimlari ruxsatsiz norozilik namoyishlari ishtirokchilariga qarshi qat’iy pozitsiya olishlarini ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, 1 avgust kuni Germaniya poytaxti Berlinda koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq karantin choralarini kuchaytirishga qarshi yirik norozilik namoyishi bo‘lib o‘tdi. Unda bir necha ming kishi qatnashdi. Namoyishchilarning deyarli barchasi niqobsiz bo‘lgan va ijtimoiy masofa qoidasiga bo‘ysunmagan.
Namoyishchilar harakatni Unter-den-Linden bulvaridan boshlab, markaziy ko‘chalar tomon yurgan. Bir necha soatdan keyin aksiya ishtirokchilari soni 15 mingga yaqinlashgan.
Namoyish “Ozodlik kuni – pandemiya intixosi” shiori bilan o‘tgan. Ishtirokchilar “17 iyun” ko‘chasigacha borishgan. Politsiya namoyishni vertolyotda kuzatib borgan.