Germaniya yahudiylar uchun vatan bo‘lib qoladi – Prezident Shtaynmayer
Olam
−
17 dekabr 2023
8793Germaniya federal Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer uning mamlakati yahudiylar uchun vatan bo‘lib qolishini aytdi. Bu haqda u Berlinda yahudiy jamoalari kongressi ochilishida nutq so‘zladi.
“Germaniya yahudiylar uchun vatan bo‘lib qoladi va barcha nemislarning aksariyati singari men ham buning tarafdoriman", degan Prezident.
Germaniyada yahudiylarga qarshi hujumlar soni ortib borayotgani haqida gapirar ekan, Shtaynmayer mamlakatda bunday antisemitizm mavjudligidan hayratda ekanini va bundan g‘azablanganini bildirdi.
Frank-Valter Shtaynmayer germaniyaliklar Isroil tomonida ekanini yana bir bor ta’kidladi.
G‘azo sektoridagi tinch aholining azob-uqubatlariga to‘xtalib o‘tgan Shtaynmayer Germaniyada ham falastinlik qurbonlar uchun qayg‘u ifodalanishi mumkin bo‘lgan "jamoat maydoni bo‘lishi kerak" dedi.
“Ammo rahm-shafqat antisemitizm bilan aralashsa, Germaniya unga qarshi kurashadi. Bu nafratni hech narsa oqlay olmaydi, antisemitizmni hech narsa oqlay olmaydi”, deydi davlat rahbari.
Germaniya kansleri Olaf Shols ham kecha, 16 dekabr kuni yahudiy jamoalarining beshinchi qurultoyida qatnashdi. U birdamlik va empatiyani Germaniyada ochiq jamiyatning asosi deb atadi.
"Biz har kuni to‘g‘ri qaror qabul qilishimiz kerak: rahm-shafqat, birdamlik, tinglashga va qalbimizni ochishga tayyormiz. Bu bizning ochiq jamiyatimiz, birgalikda yashashimiz asosidir ", deydi Shols Germaniyadagi yahudiylarning markaziy kengashida.
Ma’lumot uchun, Germaniyadagi yahudiylar markaziy kengashining yahudiy jamoalari kongressi 14 dekabrda boshlangan va 17 dekabrda yakunlanadi. 16 dekabr oqshomida ushbu tadbir doirasida 1400 nafar mehmon ishtirokida gala-konsert bo‘lib o‘tdi. Unga Olaf Shols ham taklif qilingan. Bundan oldin u Germaniyadagi yahudiylar markaziy kengashi rahbari Yozef Shuster va “Yahudiy bilan tanish” loyihasi ko‘ngillilari bilan maxfiy muhitda uchrashgan.
Yozef Shuster Federal kanslerning tashrifini HAMASning Isroilga hujumi va Germaniyada antisemitizm holatlari keskin ortganidan keyin yahudiy jamiyati bilan birdamlik belgisi deb atadi. Shuster Germaniya hukumatini Birlashgan Millatlar Tashkilotida Isroil bilan mustahkam turishga chaqirdi. Germaniyadagi yahudiylar markaziy kengashi rahbarining fikriga ko‘ra, Berlinning ushbu paltformadagi xatti-harakatlari "ikki stul o‘rtasida tebranish" sanaladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Yaqin Sharqda sodir bo‘lgan voqealar fonida Germaniyada bu yil antisemitistik jinoyatlar soni sezilarli darajada oshgan. 4 dekabr holatiga ko‘ra, Federal jinoiy idora Yaqin Sharqdagi urush bilan bog‘liq 4200 ta jinoyatni aniqlagan.
Eslatib o‘tamiz, Germaniya 28 noyabr kuni BMT Bosh Assambleyasining Isroilni Golan tepaliklarini ozod qilishga chaqiruvchi rezolyutsiyasiga ovoz berishda ham, Misr va Mavritaniya tomonidan tayyorlangan 12 dekabrdagi Falastin-Isroil mojarosi hududida zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishni talab qiluvchi yana bir rezolyutsiyani qabul qilishda ham betaraf qolgandi.