Germaniya va Italiya AQSHdagi oltinlarini qaytarib olmoqchi
Olam
−
24 iyun
5224Germaniya va Italiya jamoatchilik tashkilotlari hamda siyosatchilar tomonidan AQSHning Nyu-York shahridagi Federal zaxira bankida saqlanayotgan oltin zaxiralarini vatanga qaytarish bo‘yicha bosimlar kuchaymoqda. Bu haqda “Financial Times” nashri xabar berdi.
Ushbu da’vatlarga sabab sifatida global geosiyosiy beqarorlikning kuchayishi hamda AQSH Prezidenti Donald Trampning Federal zaxira tizimiga nisbatan tanqidlari ko‘rsatilmoqda.
Yevropa Soliq to‘lovchilari assotsiatsiyasi (TAE) Germaniya va Italiya moliya vazirliklari hamda markaziy banklariga rasmiy murojaatlar yuborib, oltin zaxiralarini chet elda saqlashning maqsadga muvofiqligini qayta ko‘rib chiqishni so‘ragan. TAE prezidenti Mixael Yegerning aytishicha, Donald Trampning Federal zaxira tizimi mustaqilligini zaiflashtirish ehtimoli chuqur tashvishga solmoqda.
“Germaniya va Italiya oltinini vatanga qaytarish – markaziy banklarimizga to‘liq nazorat ta’minlashning eng to‘g‘ri yo‘lidir”, deydi u.
Avval Yevroparlament deputati bo‘lgan, hozir esa Germaniyaning BSW partiyasini vakillik qilayotgan Fabio De Masi ham bu fikrni qo‘llab-quvvatlab, “bugungi beqaror davrda oltin zaxiralarini Yevropaga ko‘proq qaytarish uchun jiddiy asoslar mavjud”, degan.
Bavariyadagi Xristian-ijtimoiy ittifoq (XSS) sobiq deputati Peter Gauvayler ham bu da’vatlarni qo‘llab-quvvatlagan.
“Biz so‘nggi o‘n yillikda oltinni xorijda saqlash xavfsizroq bo‘ldimi, degan savolni o‘zimizga berishimiz kerak. Javobi aniq: dunyo barqarorroq emas, balki beqaror bo‘lib bormoqda”, deya ta’kidlagan u.
Bundestag deputati, oltin bo‘yicha ekspert va Germaniyaning Germaniya uchun alternativ (AfD) partiyasi a’zosi Peter Beringer oltin markaziy banklar uchun so‘nggi instansiyadagi aktiv hisoblanishi va inqirozli davrda uning nafaqat huquqiy, balki jismoniy egaligi ham muhim ekanini qayd etgan. U bu fikrlarini AQSHning amaldagi ma’muriyati bilan bog‘lamasligini ham alohida ta’kidlagan.
Jahon Oltin Kengashi (World Gold Council) ma’lumotlariga ko‘ra, Germaniya va Italiya oltin zaxiralari hajmi bo‘yicha AQSHdan keyin ikkinchi va uchinchi o‘rinda turadi. Germaniyada 3352 tonna, Italiyada esa 2452 tonna oltin mavjud. Shularning muhim qismi – umumiy hajmning uchdan biridan ko‘prog‘i Nyu-Yorkdagi Federal zaxira bankida saqlanadi. “Financial Times” hisob-kitoblariga ko‘ra, AQSHda saqlanayotgan oltin qiymati 245 milliard dollardan oshadi.
Bundesbank “Financial Times”ga bildirgan bayonotida 2013 yildan beri amalda bo‘lgan yo‘l-yo‘riqlarga muvofiq, oltin zaxiralarining joylashuvi strategiyasi doimiy ravishda qayta ko‘rib chiqilishini ma’lum qilgan. Bu strategiya xavfsizlik bilan birga, likvidlikni – ya’ni zarurat tug‘ilganda oltinni tezda sotish yoki almashtirish imkonini ham hisobga oladi. Shunga qaramay, Bundesbank AQSHning Federal zaxira bankini “ishonchli hamkor” deb atagan.
Italiya Markaziy banki, Italiya Bosh vaziri Jorjiya Meloni devoni hamda Germaniya Moliya vazirligi mazkur mavzu bo‘yicha izoh berishdan bosh tortgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Vashingtonning ishonchli iqtisodiy hamkor sifatidagi mavqeiga bo‘lgan ishonch tobora susayib borayotgani ortidan Germaniya o‘zining AQSHda saqlanayotgan oltin zaxiralarini olib chiqish imkoniyatini ko‘rib chiqayotgani xabar qilingan edi.