Germaniya Rossiyaning Bonndagi konsulligini va Berlindagi “Rus uyi”ni yopadi

Olam

image

Germaniya Leypsig aeroportida dron yordamida hujum qilishga urinishga javoban Rossiyaning Bonndagi bosh konsulligini va Berlindagi “Rus fan va madaniyat uyi”ni yopadi. Bu haqda mamlakat Tashqi ishlar vaziri Yohann Vadeful ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, hodisaning o‘zi 2026 yil 4 avgust kuni Leypsig/Galle aeroportida sodir bo‘lgan. Ukraina yuk samolyoti yaqinida portlovchi modda o‘rnatilgan dron aniqlangan. Keyinchalik tergovchilar yana bir nechta dron topgan. Germaniya rasmiylari sodir bo‘lgan voqeani Ukraina samolyotiga hujum qilishga urinish deb hisoblamoqda.

Berlinning qarorlari munosabati bilan Rossiyaning Germaniyadagi elchisi Sergey Nechayev GFR TIVga chaqirtirilgan. Germaniya rasmiylari Berlindagi “Rus uyi” faoliyati to‘g‘risidagi bitimni bekor qilish va Rossiya fuqarolarining mamlakatga kirishi ustidan nazoratni kuchaytirishga qaror qilgan. Bundan tashqari, Rossiyaning Bonndagi konsulligi 18 sentyabrdan o‘z faoliyatini to‘xtatadi.

Yohann Vadefulning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya muassasalarini yopishdan tashqari, Berlin Rossiyaning o‘ziga qarshi sanksiyalarni kuchaytirishga erishmoqchi.

Rossiya tomoni Germaniyaning xatti-harakatlariga javob berish niyatida. Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova “Moskva Germaniyaning antirossiya qarorlariga javob qaytaradi”, deb bayonot berdi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing