Germaniya kansleri koronavirusga chalindi
Olam
−
18 dekabr 2023
5341Germaniya kansleri Olaf Shols koronavirusga chalindi. Shuning uchun ham u masofadan turib ishlamoqda. Bu haqda kansler X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida ma’lum qildi.
"Bu meni xursand qiladigan syurpriz emasligi aniq. Mening COVID-19 testim ikkita chiziqni ko‘rsatdi. Men kasallikning yengil o‘tishini kutaman va hozircha faqat stolimdan turib ishlayman", deb yozgan Shols.
Germaniya Vazirlar Mahkamasi rasmiy vakili Shteffen Xebeshtraytning brifingda aniqlik kiritishicha, Shols ertaga, 19 dekabr kuni Slovakiya Bosh vaziri Robert Fiko bilan rejalashtirilgan uchrashuvni bekor qilgan. COVID-19 testi qachon amalga oshirilgani aniq emas. Xebeshtraytning qo‘shimcha qilishicha, kansler o‘tgan kuzda COVID-19 ga qarshi emlangan.
Ma’lumot uchun, Germaniya kansleri o‘tgan hafta Bryusselda bo‘lib o‘tgan YeI sammitida ishtirok etgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning sentyabr oyida AQSHning Birinchi xonimi Jill Bayden ham SOVID-19 bilan kasallangandi. Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat bo‘yicha rahbari Jozep Borrel esa koronavirusga chalingani sabab Xitoyga oldindan rejalashtirilgan safari bekor qilgandi.