Germaniya Isroilga qurol berishda davom etadi – Shols 

Olam

image

Germaniya Isroilga qurol yetkazib berishda davom etadi. Bu haqda bugun, 10 oktyabr kuni Germaniya kansleri Olaf Shols Bundestagdagi debatlar chog‘ida ma’lum qildi.

“Biz qurol-yarog‘ yetkazib berdik va tez orada yangi yetkazib berishlar bo‘ladi”, degan kansler.

Shu tariqa Shols muxolifatdagi konservativ Xristian Demokratik Ittifoqi (XDI) raisi Fridrix Mersning aybloviga javob berdi. Uning ta’kidlashicha, Germaniya hukumati Isroilga o‘q-dorilarni eksport qilish va bu mamlakatga tanklar uchun ehtiyot qismlarni yetkazib berishga ruxsat berishdan bosh tortgan.

Fridrix Mers XDI bloki va Bavariya xristian-ijtimoiy ittifoqidan Germaniya kansleri lavozimiga nomzod. Hozirda ushbu partiyalar Germaniyadagi eng mashhur siyosiy kuchdir. So‘rovlar shuni ko‘rsatdiki, hozirda saylovchilarning 33 foizi uni qo‘llab-quvvatlashga tayyor.

Olaf Shols boshchiligidagi Germaniya Sotsial-demokratik partiyasini o‘z ichiga olgan hukmron koalitsiyani 30 foiz saylovchilar qo‘llab-quvvatlagan. Bundestagga navbatdagi saylovlar 2025 yil 28 sentyabrga belgilangan.

Bundestagning bugungi bo‘lib o‘tgan yalpi majlisida nemis parlamenti a’zolari 2023 yil 7 oktyabrda HAMAS harakatining Isroilga hujumi qurbonlari xotirasini bir daqiqa sukut saqladi. Bundestag raisi Berbel Bas hujumni Isroil xalqi, Yaqin Sharq va butun dunyodagi yahudiylar uchun burilish nuqtasi deb atadi. 

Germaniya Tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok Germaniyaning Isroilning o‘zini himoya qilish huquqini qo‘llab-quvvatlashi xalqaro gumanitar qonunlarga zid emasligini ta’kidladi.

“Berlin G‘azo sektori aholisi gumanitar yordam olishini ta’minlash uchun har kuni kurashmoqda. Isroil uzoq muddatda tinchlikda yashashi mumkin, agar uning qo‘shnilari bo‘lmish falastinliklar ham uzoq muddatda tinch-totuv yashay olsa”, deydi Berbok.

Eslatib o‘tamiz, 5 oktyabr kuni Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron G‘azo sektoridagi mojaroda qo‘llanilayotgan qurollarni yetkazib berish to‘xtatilishi vaziyatga diplomatik yechim topish yo‘lidagi harakatlarning bir qismi bo‘lishi kerakligini aytgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Germaniya qurol Isroil Olaf Shol'ts

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing