Germaniya Eron elchixonasining ikki xodimini nomaqbul deb e’lon qildi

Olam

image

Germaniya Tashqi ishlar vazirligi avvalroq Tehronda chiqarilgan o‘lim hukmi munosabati bilan Eronning muvaqqat ishlar vakilini chaqirtirdi, shuningdek, Eron elchixonasining ikki xodimini nomaqbul shaxslar deb e’lon qildi. Bu haqda bugun, 22 fevral kuni Germaniya Tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok ma’lum qildi.

Mahkum Germaniya fuqaroligiga ham ega. Germaniya hukmni “Germaniya fuqarosi huquqlarining buzilishi” deb hisoblaydi.  

“Federal hukumat Eron elchixonasining ikki xodimini nomaqbul shaxslar deb e’lon qildi va ularga Germaniyani imkon qadar tezroq tark etishni buyurdi”, deyiladi xabarda.  

Berlin Tehronni “o‘lim hukmini bekor qilishga” chaqirdi. 

O‘z navbatida Germaniya kansleri Olaf Shols ham hukmni tanqid qilib, uni qabul qilib bo‘lmas deb atadi.  

“Biz buni keskin qoralaymiz va Eron rejimini hukmni qayta ko‘rib chiqishga chaqiramiz”, deb yozdi Shols Twitter sahifasida. 

Eslatib o‘tamiz, Tehron inqilobiy sudi kecha, 21 fevral kuni hukumatga qarshi “Tondar” guruhi yetakchilaridan biri Jamshid Sharmahdni o‘limga hukm qildi. U terrorchilik harakatlariga tayyorgarlik ko‘rishda aybdor deb topildi. “Tondar” guruhi Eronda monarxiya boshqaruvi o‘rnatilishi tarafdori va Eron tomoniga ko‘ra, AQSH ko‘magida harakat qiladi. 2008 yilda 10 dan ortiq odam halok bo‘lgan va 200 ga yaqin kishi jarohatlangan Sherozdagi masjid portlashi ortida ushbu tashkilot turgani aytiladi. 


Maqola muallifi

Teglar

Germaniya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing