Germaniya diplomatlari ham Jo‘loniy bilan aloqa o‘rnatdi
Olam
−
18 dekabr
1427Kecha, 17 dekabr kuni Damashqdagi nemis diplomatlari ilk bor “Hayat Tahrir ash-Shom” (HTSH) guruhi rahbari Ahmad ash-Sharo (taxallusi Abu Muhammad al-Jo‘loniy) bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqa o‘rnatdi. Bu haqda bugun, 18 dekabr kuni DPA agentligi xabar berdi.
“Muhokamalarda asosiy e’tibor siyosiy o‘tish jarayoni va Suriyada tinch taraqqiyotni qo‘llab-quvvatlash uchun ozchiliklar va ayollar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha umidlarimiz bo‘ldi”, deyiladi Germaniya Tashqi ishlar vazirligi bayonotida.
Avvalroq ARD telekanalining “Tagesschau” axborot dasturi o‘z saytida Suriyadagi isyonchilar bilan muzokara olib borayotgan Germaniya delegatsiyasiga Germaniya tashqi ishlar vazirligining Yaqin Sharq bo‘yicha komissari Tobias Tunkel boshchilik qilishi haqida xabar bergan edi.
Shuningdek, YeI va BMT ham Suriyada Bashar Asad rejimi ag‘darilganidan so‘ng u yerda hokimiyatni egallab olgan isyonchilar vakillari bilan aloqa o‘rnatishga kirishgan. “Tagesschau”ning yozishicha, Yevropa Ittifoqining Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas shu maqsadlarda Germaniyaning tajribali diplomati Mixael Onmaxtni Damashqqa yuborgan.
“BMT Bosh kotibining Suriya bo‘yicha maxsus vakili Geyr Pedersen ham al-Sharo bilan muzokaralar olib borgan”, deyiladi xabarda.
Shu paytgacha Bryussel dekabr oyi boshida Asadni hokimiyatdan ag‘dargan “Hayat Tahrir ash-Sham” (HTSH) guruhi bilan aloqalarni davom ettirmagan. Birlashgan Millatlar Tashkiloti singari, YeI ham XTSHni "terrorchi tashkilot" deb e’lon qilgan va unga qarshi sanksiyalar kiritgan. Asad hokimiyatdan ag‘darilganidan so‘ng XTSH Muhammad al-Bashirni o‘tish davri hukumati rahbari etib tayinladi va diplomatlarga ko‘ra, u ancha mo‘’tadil pozitsiyani egallaydi. O‘z navbatida, AQSH, Buyuk Britaniya, shuningdek, Yevropa Ittifoqiga a’zo Fransiya va Italiya Damashq bilan o‘zlarining diplomatik aloqalarini e’lon qilishdi.
Eslatib o‘tamiz, 16 dekabr kuni Muhammad al-Jo‘loniy Britaniya vakili Enn Snou bilan uchrashib, unga xalqaro sanksiyalarni bekor qilish zarurligi haqida gapirgandi. BMTning gumanitar masalalar bo‘yicha bosh kotib o‘rinbosari Tom Fletcher ham kecha, 17 dekabr kuni Damashqda Suriyaning yangi rahbarlari bilan uchrashuvdan keyin "ilhomlanganini" aytgan va "hayot uchun zarur bo‘lgan gumanitar yordam ko‘lamini sezilarli darajada kengaytirish uchun asos borligini" ta’kidlagan.
LiveBarchasi