Germaniya bir guruh afg‘onistonliklarni qabul qildi
Olam
−
02 Sentabr 5003 2 daqiqa
Kecha, 1 sentyabr kuni Germaniyaga afg‘onistonlik bo‘lgan 45 nafar fuqaro yetib bordi va ularga mamlakatga kirish uchun ruxsat berildi. Bu haqda “Deutsche Welle” xabar berdi.
Qayd etilishicha, afg‘onistonliklar Pokiston poytaxti Islomobod orqali uchib, Istanbuldagi to‘xtashdan so‘ng, Germaniyaning Gannover aeroportiga qo‘ngan.
Germaniya Ichki ishlar vazirligi vakiliga ko‘ra, uchib borganlar mamlakatga kirish vizasini sud qarorlari orqali olgan.
“Ularning barchasi qabul va xavfsizlik bo‘yicha tekshiruvlardan to‘liq o‘tgan”, degan vazirlik vakili.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda Pokistonda 2100 afg‘onistonlik bor. Ularning barchasi Germaniyaga kirish ruxsati borligini da’vo qilib keladi. Ko‘plab oilalar Islomobodda oylar va hatto yillar davomida uchish navbatini kutmoqda.
Ma’lumot uchun, Germaniya 2021 yil, ya’ni “Tolibon” hokimiyatga kelganidan so‘ng, huquqiy ta’qib xavfi ostida bo‘lgan afg‘onlar, jumladan, Germaniya muassasalarida ishlaganlar uchun maxsus qabul dasturini joriy qilgandi. Bu dastur orqali ba’zi bir afg‘onistonliklarga mamlakatga kirish imkoni yaratilgan. Biroq 2025 yilning may oyida Germaniyaning hukmron koalitsiyasi bu dasturni to‘xtatib qo‘ydi. Shunga qaramay, ayrim afg‘onlar sudga murojaat qilib, o‘zlari va oila a’zolari uchun Germaniyaga kirish huquqini qo‘lga kiritmoqda. Germaniya Ichki ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, hozirda sudlarda shunday 85 ta ish ko‘rib chiqilmoqda. Dasturning bekor qilinishiga esa Germaniyada muhojirlar tomonidan sodir etilgan qator shov-shuvli hujumlar yaqqol asos bo‘ldi. Masalan, joriy yilning 22 yanvar kuni Bavariyaning Ashaffenburg shahrida mamlakatda bo‘lish huquqiga ega bo‘lmagan 28 yoshli afg‘onistonlik shaxs odamlarga pichoq bilan hujum qilgan. Hujum oqibatida ikki yoshli bola va 41 yoshli erkak halok bo‘lgan, yana uch kishi, jumladan bir bola jarohat olgan.
2024 yilning 20 dekabr kuni esa Magdeburg shahrida terakt sodir bo‘ldi. Unda bir avtomobil katta tezlikda Rojdestvo yarmarkasidagi olomon ustiga bostirib bordi. Hodisa oqibatida besh kishi halok bo‘ldi, 200 dan ortiq odam jarohat oldi. Hujum qilgan shaxs Saudiya Arabistonidan kelgan 50 yoshli qochqin bo‘lib, u Germaniyada boshpana oluvchi maqomiga ega bo‘lgan.
Live
Barchasi