Germaniya Afg‘onistondan askarlarini olib chiqib ketdi

Olam

image

Germaniya 20 yillik missiyadan so‘ng Afg‘onistondagi qo‘shinlarining so‘nggi kontingentini olib chiqib ketdi. Germaniya Mudofaa vaziri Annegret Kramp-Karrenbauyer o‘zining Twitter sahifasida Germaniya Afg‘onistondagi yigirma yillik xizmatidan so‘ng chiqib ketganini yozgan.

“Bundesverning Afg‘onistondagi so‘nggi askarlari bugun kechqurun hududni xavfsiz tark etishdi”, degan vazir. U nemis askarlari hozirda uyga qaytayotganini qo‘shimcha qilgan.

Mudofaa vaziri 2001 yildan beri Afg‘onistonda 150 mingga yaqin nemis askarlari xizmat qilganini aytib, ushbu mamlakatda missiyada qatnashgan askarlarning har biriga minnatdorchilik bildirdi.

Nemis askarlari Afg‘onistonda 2001 yildan beri Xalqaro xavfsizlikka ko‘maklashish kuchlari (ISAF) va undan keyingi “Qat’iy qo‘llab-quvvatlash” missiyasi tarkibida xizmat qilgan.

Ma’lum qilinishicha, Afg‘onistondagi missiyada kamida 59 nafar nemis askari halok bo‘lgan.

AQSH qo‘shinlarining Afg‘onistonni tark etishi

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning may oyida AQSH Afg‘onistondan o‘z qo‘shinlarini olib chiqish ishlarini boshlab yubordi. Shu vaqtgacha Amerika o‘z harbiy kontingentining uchdan bir qismini bu mamlakatdan olib chiqib ketdi.  

Ma’lumot o‘rnida, 2020 yil fevral oyi oxirida AQSH va “Tolibon” tinchlik shartnomasini imzoladi. Kelishuvga ko‘ra, Amerika qo‘shinlari shartnoma tuzilganidan 14 oy o‘tgach, aniqrog‘i 2021 yilning mayigacha Afg‘onistonni tark etishi kerak edi. Biroq bu jarayonning “start” olishi biroz kechikdi.

Joriy yilning 14 aprel kuni Prezident Jo Bayden AQSHning Afg‘onistondagi missiyasi yakunlanganini va 1 maydan boshlab ushbu mamlakatdan qo‘shinlarini olib chiqishni boshlashini e’lon qildi. Unga ko‘ra, qo‘shinlarni olib chiqib ketish 11 sentyabrgacha yakunlanishi kerak.

Faollashgan "Tolibon"

Qayd etish kerakki, AQSH o‘z qo‘shinlarini Afg‘onistondan olib chiqishni boshlagandan beri “Tolibon” keskin harakat qilmoqda. Tasdiqlangan ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi o‘n kun ichida Afg‘onistonning Tojikiston bilan chegaradosh to‘rt viloyatida hukumat kuchlari va “Tolibon” o‘rtasida to‘qnashuvlar bo‘lgan.

Natijada Tahor viloyatining Chaheb, Yangi Kal’a, Darkad, Dashti Qal’a, Xojag‘or tumanlari, Qunduz viloyatining Dashti Archi, Imom Sohib va Qal’ai Zol tumanlari, shuningdek Sherxon-Bandar va Kokul nazorat punktlari “Tolibon” nazorati ostiga o‘tdi. BMT ma’lumotiga ko‘ra, 22 iyun holatiga Afg‘onistonning 50 dan ortiq tumanini egallagan. 

So‘nggi kunlarda toliblar bilan janglarda og‘ir zarbaga uchragan afg‘on qo‘shinlarining qo‘shni respublikalar hududiga qochib o‘tish holatlari kuzatildi. Jumladan, joriy yilning 22 iyun kuni 130 dan ortiq afg‘on harbiylari chegaradosh Tojikistonga, 23 iyun kuni esa ularning 53 nafari O‘zbekistonga qochib o‘tgan. 


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston Germaniya

Baholaganlar

57

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing