Germaniya 30 nafar rossiyalik diplomatni persona non grata deb e’lon qilishni rejalashtiryapti
Olam
−
26 mart 2023
6483Germaniya Tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok Berlinda akkreditatsiyadan o‘tgan 30 dan ortiq rossiyalik diplomatni persona non grata deb e’lon qilishni rejalashtirmoqda. Bu haqda kecha, 25 mart kuni Tashqi ishlar vazirligidagi manbalarga tayanib, “Focus” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Germaniya xavfsizlik kuchlari rossiyalik diplomatlarni o‘z maqomidan noqonuniy ravishda foydalanib, siyosiy, iqtisodiy, harbiy va ilmiy ma’lumotlarni qo‘poruvchilik va dezinformatsiya tarqatish uchun qo‘llagan, deb hisoblaydi. Germaniya hukumati diplomatlarni haydab chiqarish oqibatlarini ham biladi. Shuning uchun ham hozircha bu qachon amalga oshirilishi ochiqlanmagan.
Manbaga ko‘ra, Germaniya hukumati o‘tgan yilning dekabr oyida Federal razvedka xizmati xodimi Karsten L. hibsga olinganidan so‘ng, tergovga ko‘ra, Germaniya maxsus xizmatlarida xavfsizlik choralarini sezilarli darajada kuchaytirishga qaror qilgan. Germaniyada Rossiya tomoniga Ukrainadagi HIMARS yalpi raketa tizimlari va IRIS-T havo mudofaa tizimlarining pozitsiyalari to‘g‘risida ma’lumot berishga harakat qilingan. Hodisa NATO hamkorlarini Berlinga maxfiy ma’lumotlarni uzatishni vaqtincha cheklashiga olib kelgan. Germaniya xavfsizlik kuchlari hozirda mamlakatda 160 ga yaqin rossiyalik razvedkachi faoliyat yuritayotgani taxmin qilinmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Karsten L. o‘ziga qo‘yilgan ayblovlar haqida hozircha sukut saqlamoqda. U federal razvedka xizmatining tahliliy bo‘limida ishlagan. Gumonlanuvchi G‘arbning boshqa razvedka agentliklari tomonidan nemis razvedkasi bilan bo‘lishilgan maxfiy ma’lumotlarga ega bo‘lgan.
Shuningdek, yana bir josus Artur E. joriy yilning 22 yanvar kuni davlatga xiyonat va Rossiya maxsus xizmatlari bilan aloqa qilishda gumonlanib qo‘lga olingan. Germaniya Bosh prokuraturasining ma’lumotlariga ko‘ra, Karsten L. maxfiy ma’lumotlarni qo‘lga kiritgan va Artur E. esa ularni “Rossiyaga yetkazib bergan”.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Estoniya Tashqi ishlar vazirligi rossiyalik diplomatlardan birini mamlakatning “xavfsizligi va konstitutsiyaviy tuzumiga putur yetkazuvchi” xatti-harakatlari tufayli chiqarib yuborish qarorini e’lon qilgandi.
LiveBarchasi