Germaniya hozircha Falastinni tan olmaydi – Mers
Olam
−
26 avgust 3511 2 daqiqa
Germaniya kansleri Fridrix Mers mamlakat hozircha Falastin davlatini tan olish niyatida emasligini bildirdi. Bu haqda u bugun, 26 avgust kuni Berlinda Kanada Bosh vaziri Mark Karni bilan birgalikda o‘tkazgan matbuot anjumanida so‘z ochdi.
Unga ko‘ra, Falastin davlat sifatida tan olish uchun zarur shartlarni bajarmagan va so‘nggi kunlardagi voqealar ham Berlinda bu pozitsiyani o‘zgartirmagan. Mers, shuningdek, Germaniya BMT Bosh assambleyasining sessiyasida ham Falastinni tan olish tashabbusiga qo‘shilmasligini ta’kidlagan.
“Biz bu tashabbusga qo‘shilmaymiz. Davlat sifatida tan olish uchun zarur shartlar mutlaqo bajarilmagan. So‘nggi kunlar va soatlarda yuz bergan voqealar ham bu masaladagi pozitsiyamizni o‘zgartirmadi”, degan Mers.
Falastinni tan olish bo‘yicha xalqaro tashabbus Isroilning qariyb ikki yildan beri G‘azo sektorida olib borayotgan harbiy amaliyoti fonida faollashgan. Bu amaliyot mintaqadagi gumanitar vaziyatni yanada og‘irlashtirdi. 29 iyul kuni Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer idorasi Londonda Falastin davlatini BMT Bosh assambleyasi sentyabrdagi sessiyasi oldidan tan olish rejasini e’lon qildi. Bunga sabab sifatida Isroilning gumanitar yordam yetkazilishiga to‘sqinlik qilishi va G‘azodagi operatsiyani davom ettirishi ko‘rsatildi. 24 iyul kuni esa Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Parij ham BMT sessiyasida Falastin davlatini tan olishini bildirgan edi.
Shuningdek, Malta Bosh vaziri Robert Abela va Kanada Bosh vaziri Mark Karni ham BMT Bosh assambleyasining sentyabrdagi yig‘ilishida Falastinni davlat sifatida rasman tan olishini bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 25 avgust kuni Isroil G‘azodagi Nosir shifoxonasiga bergan zarbalarida kamida 15 kishi, jumladan, uch jurnalist halok bo‘lgandi. Rasmiylarga ko‘ra, zarbalar oqibatida halok bo‘lgan jurnalistlardan biri, operator Hussam al-Masri “Reuters” agentligida ishlagan. Unda ishlagan fotosuratchi Xotam Xolid esa yaralangan.