General Qurbonov Turkiyaga bordi. Mamlakatlar harbiy hamkorlik bo‘yicha yangi hujjatni qabul qildi
Jamiyat
−
24 noyabr 2022
11069O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida harbiy bitim imzolandi. Uni O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vaziri Bahodir Qurbonov va Turkiya Milliy mudofaa vaziri Hulusi Akar imzolagan. Bu haqda “Anadolu” axborot agentligi xabar berdi.
Kecha, 23 noryabr kuni O‘zbekiston Mudofaa vaziri Bahodir Qurbonov rasmiy tashrif bilan Turkiyaga bordi. Dastlab vazirlar yakkama-yakka muzokaralar o‘tkazgan, so‘ngra Milliy mudofaa vaziri Akar va O‘zbekiston Mudofaa vaziri general-leytenant Qurbonov raisligida delegatsiyalar o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tgan.
Muzokaralar yakunlanib, Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasida harbiy hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolanganidan so‘ng vazirlar matbuot uchun qo‘shma bayonot bergan.
“Terroristlarga qarshi kurashimizni davom ettiramiz. Bizning do‘stlarimiz, ittifoqchilarimiz va hamkorlarimiz bu boradagi pozitsiyamizni juda yaxshi tushunishlari kerak”, deydi Hulusi Akar.
Oxirgi hujumlarga e’tibor qaratgan Akar, “Bu dahshatli hujumlar natijasida begunoh insonlar, jumladan, norasida bolalar halok bo‘ldi. Terrorchilar maktablar va bolalarga shafqatsizlarcha hujum qilishadi. Jang maydonida jangchilarimizga qarshilik ko‘rsata olmagan qaroqchilar tinch aholiga ko‘z tikdi. Tinch aholiga tahdid soluvchi terrorchilarga qarshi kurashimiz. Bu kurash terror tashkilotlari yo‘q qilinmaguncha davom etadi”, deydi Turkiya vaziri.
Qurbonov terakt qurbonlarining oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildirib, yaradorlarning tezroq sog‘ayib ketishini tilagan.
“Turk Qurolli kuchlari bu jirkanch hujumlar uchun javobgarlarni jazolashiga ishonaman”, deydi General Qurbonov.
Shuningdek, Qurbonov Akar bilan juda foydali muzokaralar o‘tkazganliklarini va muhim kelishuvlarga imzo chekkanliklarini qayd etgan.
“Prezidentlarimizning uchrashuvlari harbiy sohadagi aloqalarimizni yanada rivojlantirishga zamin yaratdi. Biz mudofaa sohasidagi hamkorligimizni yuqori darajadagi sheriklik va muhtaram prezidentlarimizning farmonlariga muvofiq rivojlantirmoqdamiz”, deydi u.
Vazir Akar bilan uchrashuvlarda harbiy tayyorgarlik va texnik jihozlash masalalari muhokama qilinganini qayd etgan Qurbonov shunday degan:
“Turkiya mudofaa sanoati sohasida dunyoning yetakchi davlatlaridan biridir. Shu bois bu boradagi hamkorlikda muhim qadamlar qo‘yamiz”.