Gemini auditoriyasi 1 milliarddan oshdi
Texnologiya
−
09:38 722 2 daqiqa
Google kompaniyasining sun’iy intellektga asoslangan Gemini servisi oylik faol foydalanuvchilari soni bo‘yicha 1 milliardlik chegaradan oshdi. Bu haqda 12 avgust kuni Google bosh direktori Sundar Pichay ma’lum qildi.
Gemini 2023 yilda ishga tushirilganidan keyin foydalanuvchilar bazasini jadal kengaytirdi. 2025 yil may oyida servisdan oyiga 400 million kishi foydalangan bo‘lsa, 2026 yil mayiga kelib bu ko‘rsatkich 900 millionga yetgan. Shu tariqa Gemini qisqa vaqt ichida yana 100 million foydalanuvchi qo‘shib, 1 milliardlik ko‘rsatkichga chiqdi.
Google ma’lumotiga ko‘ra, Gemini kompaniya tarixida 1 milliard oylik faol foydalanuvchiga yetgan 14-mahsulot bo‘lgan. Ushbu ro‘yxatda Google qidiruv tizimi, Gmail, Drive, Android, YouTube va Chrome kabi servislar ham bor.
Gemini auditoriyasining tez o‘sishida servisning Google ekotizimi bilan yaqin integratsiyasi muhim omillardan biri bo‘lmoqda. Gemini Android qurilmalari, qidiruv tizimi va boshqa Google mahsulotlari bilan bog‘langan, shuningdek, veb va iOS orqali ham foydalanish mumkin. Google Gemini’ni kompaniya tarixidagi eng tez o‘sgan mahsulot deb atagan.
Gemini’ning 1 milliardlik natijasi sun’iy intellekt bozorida Google va OpenAI o‘rtasidagi raqobat yanada kuchayganini ko‘rsatmoqda.
Shu bilan birga, Google’ning 1 milliardlik ko‘rsatkichi aynan Gemini ilovasi va veb-versiyasi foydalanuvchilariga tegishli bo‘lib, Google qidiruvi yoki boshqa mahsulotlardagi alohida sun’iy intellekt funksiyalaridan foydalanish bu raqamga kiritilmaydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ChatGPT ham 1 milliard oylik foydalanuvchi ko‘rsatkichiga yetgani ma’lum qilingandi.
Live
Barchasi