“Gazprom” Putinning aytganini qilmagan Polsha va Bolgariyaga gaz berishni to‘xtatdi
Olam
−
27 aprel 2022
17164Rossiyaning “Gazprom” energetika transmilliy kompaniyasi “Bulgargaz” (Bolgariya) va PGNiG (Polsha) kompaniyalariga gaz yetkazib berishni to‘xtatdi. Bunga ushbu kompaniyalar rus gazi uchun to‘lovni rublda amalga oshirmagani sabab bo‘ldi, deb xabar berdi “Interfaks”.
“26 apreldagi ish kuni yakuniga ko‘ra, “Gazprom Eksport” Rossiya Federatsiyasi Prezidentining farmoniga muvofiq, “Bulgargaz” (Bolgariya) va PGNiG (Polsha) kompaniyalaridan aprel oyida gaz yetkazib berish uchun to‘lovlarni rublda olmagan”, deyiladi xabarda.
Shu munosabat bilan “Gazprom Eksport” kompaniyasi “Bulgargaz” va PGNiG’ni 27 apreldan boshlab farmonda belgilangan tartibda to‘lov amalga oshirilgunga qadar gaz yetkazib berishni to‘xtatib turishi haqida ogohlantirdi.
“Bolgariya va Polsha tranzit davlatlardir. Uchinchi davlatga yuborilayotgan Rossiya gazidan ruxsat olinsa, tranzit uchun yetkazib berish shu hajmga kamayadi”, deb eslatgan “Gazprom”.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 23 mart kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin hukumat va Rossiya Federatsiyasi Markaziy bankiga Rossiya gazining Yevropa davlatlariga yetkazib berilishi uchun to‘lovlarni rublga o‘tkazish bo‘yicha topshiriq berdi. Bunga G‘arb davlatlarining Ukrainadagi urush ortidan Moskvaga qarshi joriy qilgan sanksiyalari sabab bo‘ldi.
Shundan so‘ng, Germaniya kansleri Olaf Shols ham Germaniya gazni rublda sotib olmasligini e’lon qildi. Uning ortidan Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron ham rus gazini rubldan sotib olmasligini aytdi.
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin avvalroq Vazirlar Mahkamasi, Markaziy bank va “Gazprom” kompaniyasiga 31 martgacha Yevropa Ittifoqi mamlakatlari va cheklov choralarini joriy qilgan boshqa mamlakatlarga gaz yetkazib berish uchun to‘lov valyutasini o‘zgartirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirishni topshirgan edi.
Shu o‘rinda aytish joizki, Rossiya gazining xaridorlari hisob-kitoblarni rublga o‘tkazish bo‘yicha turlicha pozitsiyani egalladi. Germaniya kansleri Olaf Sholsning ta’kidlashicha, shartnomalarda xorijiy valyutalar “asosan yevro va dollar” ko‘rsatilgan. Germaniya Iqtisodiyot vazirligi vakili Robert Severin import qiluvchilar shartnomalar bajarilishini kafolatlashlari shartligini ta’kidladi. Italiya bosh vaziri Mario Dragi hisob-kitoblarni rublga o‘tkazishni shartnomalarning buzilishi deb atadi.
Joriy yilning 31 mart kuni Putin "do‘st bo‘lmagan" davlatlarga gazni rublda sotish tartibini tasdiqladi.
Shundan so‘ng Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlarga Rossiyaga qarshi sanksiyalarni buzmagan holda rus gazi uchun rublda to‘lov qilishga ruxsat berildi.