G‘azoga aylanayotgan Livan
Tahlil
−
07 Oktabr
3929“Sichqon-mushuk”
O‘tgan yili oktyabr oyida G‘azodagi qirg‘in boshlanganidan ko‘p o‘tmay, Livanda joylashgan va Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan “Hizbulloh” harakati HAMAS bilan birdamlik namoyish qilgan holda Shimoliy Isroilga raketa hujumlarini boshlab yubordi. Ular yahudiy davlati tomonidan qamal qilingan anklavda falastinliklarni qo‘llab-quvvatlashni maqsad qilganini aytdi. O‘sha vaqtdan beri Isroil harbiylari “Hizbulloh” bilan Isroil-Livan chegarasi orqali tinimsiz o‘t almashishni boshladi. Bu esa Livan va Isroil chegarasida ikki tomondan ham ko‘plab tinch aholi o‘z uy-joylarini tashlab ketishiga olib keldi.
Joriy yilning yoziga kelib, mojaro o‘zining eng halokatli cho‘qqisiga chiqa boshladi. Tez orada Livanning “Hizbulloh” harakati Isroilning shimoliy qismiga 100 dan ortiq raketa bilan keng ko‘lamli hujum uyushtirdi. Havo hujumi haqida ogohlantirish Jalilaning ko‘plab aholi punktlarida, jumladan Safed va Tiberiya shaharlarida yangradi. Bu 2023 yilning oktyabr oyida Isroilning HAMASga qarshi urushi boshlanganidan beri “Hizbulloh” tomonidan amalga oshirilgan eng yirik hujumlardan biri edi. O‘shanda Isroilning bir qator nashrlari ushbu hujum Isroil va “Hizbulloh” o‘rtasidagi harbiy qarama-qarshilik kuchayib borayotgani fonida ularning ikkisi ham urushga tayyor ekanidan dalolat berishi haqida yozdi. Bu orada esa Eronning BMTdagi vakili Isroilni “Hizbulloh” harakatiga qarshi keng qamrovli urush olib borish oqibatlari haqida ogohlantirib, “Hizbulloh” Isroilni yo‘q qiladi degan mazmundagi bayonot bilan chiqdi. Ammo Eronning bu tahdidlari allaqachon chuqurlashib ketgan mojaro va undagi taranglikni yumshata olmadi. 18 iyun kuni Isroil armiyasi Livanga hujum qilish rejalarini ma’qullaganini ma’lum qildi. Oradan bir kun o‘tib esa, “Hizbulloh”ning o‘sha paytdagi Bosh kotibi marhum Sayyid Hasan Nasrulloh, agar keng ko‘lamdagi urush boshlansa, Isroil tomonidan okkupatsiya qilingan hududlarda hech bir joy raketalardan omon qolmasligiga va’da berdi. Nasrullohning mazkur bayonotidan uch kun o‘tib, “Hizbulloh” guruhi bosib olingan Falastin shimolidagi Isroil harbiy pozitsiyalariga 6 ta hujum tashkil etdi. Ayni shu daqiqalarda Isroilning Livanga qarshi hujum rejasi ochiqlandi. Unga ko‘ra, “Hizbulloh” hujumlarni to‘xtatmagan taqdirda, Isroil armiyasi bosh shtabining tashkilotga qarshi quruqlik orqali urush boshlashni nazarda tutgan rejasiga asosan, mamlakatning janubiy va janubi-sharqiy hududlariga quruqlik desanti kiritish, shuningdek, Livan poytaxtini dengizdan blokada qilish rejalashtirilgandi. Ammo bu reja bir qator mutaxassislar tomonidan ijobiy baholanmadi. Xususan, Isroil armiyasining zaxiradagi generali Isxak Brik rejani tanqid qilib, Livanga qarshi amaliyot arablar va Eron ishtirokidagi ko‘p bosqichli yalpi urushga olib kelishi, buning ortidan Isroilning o‘zi yo‘q bo‘lib ketishi mumkinligidan ogohlantirdi. Shu taxlit mojaro asta-sekin yuqori haroratga chiqishni boshladi. Bu esa tashqi dunyoda bir qator jiddiy xavotirlarni keltirib chiqardi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish o‘shanda ilk bor Livan keskinlik kuchayib borayotgan bir paytda mamlakatni “ikkinchi G‘azo”ga aylanishi mumkinligidan xavotirdaligini bildirdi. Tez orada ushbu xavotirlar bekorga emasligi ma’lum bo‘ldi. G‘azoda bir necha oydan buyon insoniyatga qarshi jirkanch jinoyatlarni amalga oshirgan Netanyaxu, sektorda faol kurash bosqichi tez orada tugashini ma’lum qildi. Bu esa endi Isroil o‘z harbiylarining bir qismini shimolga, Livan bilan chegaraga joylashtirib, “Hizbulloh” harakatiga qarshi urushga yo‘naltirishini anglatardi. Keskinlikning shu tarzda avjiga chiqishi Isroilning eng yaqin ittifoqchisi AQSH manfaatlariga mos kelmasdi. Shuning uchun Qo‘shma Shtatlarning harbiy mulozimlari Isroilni bunday harakatlardan tiyishga kirishdi. Hatto general Charlz Braun Isroil va Livan mojarosiga Eron aralashgudek bo‘lsa, AQSH Isroilni himoya qila olmasligini ochiqladi. U Eron tomonidan jiddiy qo‘llab-quvvatlanadigan “Hizbulloh”ning Isroil chegarasi orqali otgan qisqa masofali raketalariga qarshi turish juda qiyinligini aytdi va agarda eskalatsiya yuzaga kelgan taqdirda, harbiy ma’muriyat uchun AQSH kuchlari xavfsizligini ta’minlash birinchi o‘rinda turishini ta’kidladi. Qo‘shma Shtatlar generalining mazkur bayonoti Isroil Livanga kirgudek bo‘lsa, buyog‘iga u yolg‘iz harakat qilishi va AQSH yordamidan umid qilmasligiga ishora edi. Bu bilan Oq uy Isroilga shunchaki bosim o‘tkazayotgandi, xolos. Oradan ko‘p o‘tmay Bayden ma’muriyati mazkur muammoli masalani hal qilishda Qatardan yordam so‘radi. Qatar AQSHning ushbu so‘rovini qabul qildi, ammo “Hizbulloh” vakillari Isroilning G‘azodagi qirg‘ini butunlay to‘xtamagunga qadar ular hech qanday kelishuvga rozi bo‘lmasligini ta’kidladi. Isroil rasmiylari esa Vashington bosimiga qaramay, Livanga hujum qilish rejalaridan voz kechmadi. Mojaro shu taxlit boshi berk ko‘chaga kirib qoldi.
Arab Ligasidagi burilish
Joriy yilning 28 iyun sanasi Livanning “Hizbulloh” guruhi uchun tarixiy kun bo‘ldi. Shu kuni “Hizbulloh” Arab davlatlari ligasining terrorchi tashkilotlar ro‘yxatidan chiqarildi. Isroil bilan borgan sari chuqur mojaroga sho‘ng‘ib borayotgan harakat uchun bu o‘ziga xos malham bo‘ldi. Arab Ligasi Bosh kotibi yordamchisi Xossam Zakining tashkilotning “Hizbulloh”ning terrorchi tashkilot sifatidagi yorlig‘ini olib tashlash qarorini u Livanning hozirgi siyosati va kelajagida hal qiluvchi rol o‘ynayotgani bilan izohladi. “Hizbulloh” 2016 yilda Saudiya Arabistoni tashabbusi bilan Arab Ligasi tomonidan terrorchi tashkilot deb topilgandi. Harakat o‘sha paytda Eronning Yaqin Sharq bo‘ylab ta’sirini kuchaytirishda va Iroq, Yaman, Livan, Suriya va Fors ko‘rfazi davlatlarining ichki ishlariga aralashishda ayblangan holda, arab dunyosida ortda qolgan 8 yil davomida terrorchi sifatida ko‘rildi. Bu o‘zgarishdan so‘ng, “Bild” nashri Isroil iyul oyining ikkinchi yarmida Livan janubida “Hizbulloh”ga qarshi quruqlikdagi operatsiyani boshlashi mumkinligini yozdi. Ularning ma’lumotlariga ko‘ra, Isroil iyul oyining uchinchi yoki to‘rtinchi haftasida quruqlikdagi operatsiyalarni boshlashi kutilgandi. Ammo vaqtdan yutqazishni xohlamagan “Hizbulloh” 4 iyul kuni Isroil shimolidagi harbiy bazalarga 200 dan ortiq raketa va portlovchi moddalar bilan to‘ldirilgan uchuvchisiz uchoqlar bilan hujum qildi. Bu Isroilning mintaqadagi bosqiniga nisbatan “Hizbulloh” tomonidan yo‘llangan eng og‘ir va ko‘lami keng zarbalardan biri bo‘ldi. Mazkur voqealardan so‘ng ikki o‘rtadagi ziddiyat tarangligicha qoldi, ammo iyul oyi oxirigacha keskinlik ortmadi. Chunki Isroil endilikda o‘z bosqinidagi harakatlar rejasini biroz o‘zgartirgan holda, e’tiborini qarshilik harakatlari rahbarlarini butunlay yo‘q qilish va ularni o‘yindan chiqarishga qaratdi. Iyul oyi oxirida Netanyaxuning agressiv rejimi bir lahzada mana shunday maqsadiga yetdi. 30 iyul kuni Isroil Bayrutning janubiy chekkasiga zarba berishi oqibatida uch kishi halok bo‘lib, 74 kishi jarohatlandi. Halok bo‘lganlar ichida “Hizbulloh” bosh kotibi Hasan Nasrulloh maslahatchisi, harakatning uzoq yillik yirik figurasi va yuqori martabali harbiy qo‘mondoni Fuad Shukr ham bor edi. Kun 31 iyulga o‘tib bo‘lgan mahal yarim tunda Livan va Isroil chegarasidagi keskinlik va Isroilning Livan poytaxti Bayrutga bergan zarbasidan bir lahza o‘tib HAMAS harakati yetakchisi Ismoil Xoniya ham o‘ldirildi. Voqea Eron poytaxti Tehronda sodir bo‘ldi. Xoniya yangi saylangan Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyonning inauguratsiya marosimida qatnashish uchun mamlakat poytaxtiga tashrif buyurgan va tadbirdan so‘ng u qo‘nim topgan joyda yo‘q qilingan. Eron tergov idoralari bu ish ortida Isroilning izlari bor, deya da’vo qildi va Xoniya uchun qasos olishga va’da berdi. Ammo javob zarbasi Erondan emas, balki uning yelkadoshi “Hizbulloh”dan berildi. Guruh kuchlari Isroil shimolidagi aholi punktlarini nishonga oldi va Nasrulloh Isroilga qarshi zarbalar, shuningdek, Eron, Yaman va Livandan tayyorlanayotgani va ular, albatta, amalga oshirilishini ta’kidladi. Shundan so‘ng, “Hizbulloh” va Isroil bir necha bor o‘q almashib turishdi. 25 avgust kuniga kelib esa mojaro asta-sekin keskin tus ola boshladi. Isroil havo kuchlari Livandagi “Hizbulloh” marralariga zarba berish uchun 100 ga yaqin samolyotni joylashtirdi. Isroil harbiylari Livan bo‘ylab zarbalar berishni boshlagach, Mudofaa vaziri Yoav Galant mamlakatda 48 soat muddatga favqulodda holat rejimi e’lon qildi va Tel-Aviv xalqaro aeroporti reyslarni qabul qilishni va jo‘natishni to‘xtatdi. Isroil harbiy-havo kuchlarining o‘nlab samolyotlari Janubiy Livandagi qator nuqtalar bo‘ylab zarba yo‘lladi. Bu Isroil va “Hizbulloh” o‘rtasidagi “sichqon-mushuk” o‘yinining yakunlanishi edi. Bundan keyingi voqealar esa haqiqiy to‘qnashuvlarni o‘z ichiga olgan holda dahshatli ssenariy bo‘yicha o‘t oldi.
“Texno terror”
17 sentyabr kuni Livanda “Hizbulloh”ga aloqador shaxslar foydalanayotgan peyjerlarda ommaviy portlashlar kuzatildi. Undan so‘ng boshqa turdagi aloqa vositalari, texnikalar, jumladan, mototsikllar bilan ham shunday halokatli holatlar qayd etildi. Mazkur ommaviy portlashlar tufayli ikki kun davomida 37 nafar shaxs halok bo‘lgan bo‘lsa, jarohatlanganlar soni 3 yarim mingdan ortib ketdi. Jarohatlanganlar orasida Eronning Bayrutdagi elchisi Mojtabo Amani ham bor bo‘lib, u peyjer portlashida bir ko‘zidan ayrilgani haqida ma’lumotlar tarqaldi. Rasmiy Bayrut va “Hizbulloh” harakati vakillari voqeada Isroilni aybladi. Isroil esa rasmiy darajada bo‘lmasa-da, ba’zi manbalar orqali portlashlarga aloqadorligini yashirincha tasdiqladi. Livan xavfsizlik xizmatidagi yuqori martabali manba va boshqa suhbatdoshiga tayanib, “Reuters” Isroilning “Mossad” razvedka xizmati peyjer portlashlaridan bir necha oy oldin Livandagi “Hizbulloh” harakati tomonidan buyurtma qilingan Tayvanning Gold Apollo kompaniyasining 5000 peyjeriga oz miqdorda portlovchi moddalar o‘rnatgani haqida xabar berdi. Gold Apollo kompaniyasi esa “Hizbulloh” tomonidan buyurtma qilingan peyjerlarni ishlab chiqarishga aloqasi yo‘qligini aytdi. Unga ko‘ra, Budapeshtda ro‘yxatdan o‘tgan BAC Consulting kompaniyasi bilan shartnoma tuzilgan bo‘lib, BAC Tayvan brendidan foydalanishi mumkin, lekin mahsulotni mustaqil ravishda ishlab chiqaradi. Biroq Vengriya hukumati vakili bu peyjerlar mamlakatda “hech qachon bo‘lmagan”ini, kompaniya esa “Vengriyada ishlab chiqarish yoki operatsion maydonchaga ega bo‘lmagan savdo vositachisi” ekanini aytdi.
Terrorchilik aktiga teng bo‘lgan bu hujumda peyjerlar va ularga “ildirilgan” portlovchi modda qanday, qaysi yo‘llar orqali va kimlar vositasida paydo bo‘lgani va shakllangani haqidagi ma’lumotlar faqatgina taxminlarga bog‘langanicha qoldi. Livandagi voqealar ko‘pchilik uchun noma’lum bo‘lgan peyjer nomli eskirgan aloqa qurilmasini mashhur qilib yubordi. Peyjer bir so‘z bilan aytganda, aloqa qurilmalarining eng primitiv variantlaridan biridir. U asosan ikki tomonlama aloqa zarur bo‘lmagan hollarda, faqatgina qo‘ng‘iroqlarni qabul qiluvchi vosita sifatida foydalanish uchun juda qulay. Peyjer faqat xabarlarni qabul qiladi, xabarlar esa unga peyjing tarmog‘ining radio uzatkichidan uzatiladi. Xullas, peyjer orqali cheklangan miqyosda aloqa o‘rnatish mumkin, ammo u zamondan ancha ortda qolgan. Biroq unga xavfsizlik tizimlari va Isroil razvedkasining kirish imkoniyatlari deyarli imkonsiz bo‘lgani bois, “Hizbulloh” harakati ushbu qurilmadan keng ko‘lamda foydalanishni afzal ko‘rib kelgan.
Yuzlab “Hizbulloh” a’zolarini yaralagan peyjerlarni ishlab chiqarishda gumonlangan Vengriyaning BAC firmasi bu hujumdagi o‘z ishtirokini rad etdi. Go‘yo kompaniya peyjerlar haqida endi eshitgan. BAC Consulting‘ning ismi oshkor qilinmagan vakili “RIA Novosti” agentligiga “kompaniya peyjerlar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanmagan, biroq konsalting xizmatlarini ko‘rsatganligi”ni iddao qilgan. BAC va Gold Apollo o‘rtasidagi aloqalar 2021 yilda start olgan. Gold Apollo egasi Xsu Chang-Kianga Tereza ismli tayvanlik ayol murojaat qilganida ikki kompaniya orasida muloqot boshlangan. Xsu Terezani BAC’ning vakili deya da’vo qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, u bilan ikki oydan ko‘proq vaqt davomida muzokaralar olib borgan va keyinchalik peyjerlarini BAC’ga sotishga va unga Gold Apollo’ning savdo belgisidan foydalanishga ruxsat bergan. Livandagi voqealar fonida BAC bilan bog‘liq bir qator favqulodda holatlar kuzatila boshlandi. Xususan, xorijiy OAVlar shu paytgacha bir maromda ishlab turgan kompaniyaning veb-sayti birdan ishlamay qolganini payqab qoldi. “Reuters” xabariga ko‘ra esa, kompaniya direktori Kristiana Barsoni Budapeshtdagi kvartirasini tark etgan. Barsonining onasi qizi hozirda ehtimoliy tahdidlar tufayli Vengriya maxfiy xizmatlarining himoyasi ostidaligini ma’lum qilgan.
“Hizbulloh” tanazzuli va Livanning mavhum taqdiri
Peyjerlar bilan bog‘liq ayanchli voqeadan so‘ng, Isroil o‘zining bosqinchi nomini yana bir bor mustahkamladi. 20 sentyabr kuni Isroil mudofaa kuchlari Livandagi “Hizbulloh” harakatining tayanchi hisoblangan Bayrutning Dahiya mahallasiga havo hujumi uyushtirdi. Hujum oqibatida guruhning asosiy yetakchilaridan biri Ibrohim Oqil va yana 10 ga yaqin yuqori martabali qo‘mondon halok bo‘ldi. Ibrohim Oqil harakatning operatsiyalar bo‘limiga rahbarlik qilgan va “Hizbulloh”ning harbiy qanoti bosh shtab boshlig‘i bo‘lishi kutilgan. Qo‘shma Shtatlar Oqilning boshiga 7 million dollar mukofot qo‘ygan. Isroil uni 1990 yillarning boshidan beri o‘ldirishga urinib kelardi. Bayrutdan olingan xabarlarga ko‘ra, Oqil “Hizbulloh” qo‘llagan aloqa vositalarining portlashi oqibatida yaralangan va shifoxonada davolanib chiqqan kunining ertasida havo hujumida halok bo‘lgan. Zarba oqibatida Ibrohim Oqil bilan birga “Hizbulloh” elita bo‘linmasining kamida olti qo‘mondoni ham halok bo‘ldi. Ularning barchasi Oqil tomonidan o‘tkazilgan tezkor shtab yig‘ilishida ishtirok etgandi. Livan Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Isroil tomonidan qilingan mazkur hujum qurbonlari soni 14, yaralanganlar esa 66 kishini tashkil qilgan bo‘lsa, yana 17 kishi bedarak yo‘qoldi.
Zarba Livan uchun xavotirli signal bo‘lib, bu o‘z-o‘zidan Isroil G‘azoni yer bilan yakson qilib, endi rostmanasiga Livan janubi va Bayrut bilan ham shunday ishni amalga oshirishga yaqindek tuyuldi. “Hizbulloh” esa bunga har doimgidek raketa hujumlari bilan javob qaytardi. Guruh Hayfadan janubi-sharqda joylashgan Ramat-Devid aviabazasiga 120 dan ortiq Fadi 1 va Fadi 2 raketalarini uchirdi. “Hizbulloh” ushbu hujumni Isroilning havo hujumi oqibatida o‘lgan o‘nlab insonlar va Ibrohim Oqil halokati uchun javob deb atadi. Raketalar harbiy bazaga yo‘naltirildi, ammo ularning birortasi nishonga tekkani haqida aniq ma’lumot keltirilmadi. Isroil shoshilinch tibbiy yordam xizmatining xabar berishicha, Gaylning quyi qismidagi qishloqlardan birida raketa urib tushirilishi tufayli bir kishi yengil jarohatlangan, xolos. Bu orada esa “sichqon-mushuk” qayta start olgandek tuyuldi. “Hizbulloh”ning yuqoridagi zarbasiga javoban Isroil harbiy-havo kuchlari darhol Livandagi “Hizbulloh” harakati nishonlariga keng ko‘lamli zarbalar berishni boshlab yubordi. Isroil armiyasi bosh shtab rahbari Gerzi Halevi agar “Hizbulloh” gapga tushunishni istamasa, ular anglab yetgunicha, SAXAL ularni qayta-qayta o‘qqa tutishi haqidagi tahdidona bayonot bilan chiqdi. Isroilning halokatli zarbalari bu bilan to‘xtab qolmadi va xuddi G‘azoda bo‘lgani singari Livanda ham tinch aholini nishonga olishni boshladi. Sentyabr oyining uchinchi haftasida mamlakat havo kuchlari Livan janubidagi aholi punktlariga zarbalar berib, 100 kishining o‘limiga va 400 dan ortiq insonning jarohatlanishiga sababchi bo‘ldi. Bundan tashqari, Tir tumani, Naqura va eng g‘arbiy Zibqin qishlog‘i, Al-Xiyam shahrining turli hududlari, shuningdek, Taybeh, Dayr Seryan va Vodi al-Hujayr shaharlari hududiga zarbalar berildi. Hodisa oqibatida qurbonlar va jarohatlanganlar orasida bolalar, ayollar, shuningdek, qutqaruvchilar ham bor. Tez orada Isroil uyushtirgan hujum qurbonlari orasida halok bo‘lganlar soni 492, yaralanganlar soni esa 1645 nafarga yetdi. Halok bo‘lganlar ichida 35 nafar bola, 58 nafar ayol ham bor edi. Livan Bosh vaziri Najib Mikati esa 23 sentyabr kuni o‘tkazilgan Vazirlar Mahkamasi yig‘ilishida Isroilning Livanga bo‘lgan tajovuzkorligini genotsid deb atab, BMT va nufuzli davlatlarni adolat tarafida turishga hamda Livanga tajovuzni to‘xtatishga chaqirdi. Ammo bu paytga kelib xalqaro hamjamiyat va siyosiy markazlar potensial mojaroni oldini olishga kechikib bo‘lgandi.
G‘azoga aylanayotgan Livan
Isroil armiyasi “Hizbulloh” qaror topgan deya taxmin qilingan hududlarning barchasiga o‘t ochishni jadallashtirdi. Livanning janubiy shaharlari, Bekaa va Baalbek hududlariga yuzlab havo hujumlarini amalga oshirdi. Mamlakatning janubiy viloyatlaridan poytaxt Bayrut, shimoliy hududlar va Suriyaga ko‘chish to‘lqini avj oldi. Bayrut va qirg‘oq bo‘yidagi Sidon shahrida janglar oqibatida uylarini tashlab ketishga majbur bo‘lgan livanlik oilalar maktablarga joylashtirildi. Mehmonxonalar to‘satdan narxlarni keskin ko‘targani sababli ko‘p oilalar vaqtincha turarjoy topa olmay, mashinalarida uxlashga majbur bo‘ldi. Bayrutdan 65 km shimoli-sharqda joylashgan Baalbek shahrida novvoyxonalar va gazballonlarni to‘ldirish stansiyalari oldida navbatlar hosil bo‘ldi. Netanyaxu rejimi bu bilan cheklanib qolmadi. 24 sentyabr kuni tushdan keyin Isroil Bayrutga navbatdagi havo hujumini amalga oshirdi va buning oqibatida 560 kishini halok qildi. “Hizbulloh”ni tinchitish bahonasida qilingan ushbu hujumda harakatga aloqador qancha inson o‘lgani aniq bo‘lmasa-da, yuzlab begunoh tinch aholi joni uzilgani ayni haqiqat edi. Voqealar rivoji esa borgan sari HAMAS bahonasida G‘azoda Isroil bosqinchilari tomonidan qilingan insoniyatga qarshi ochiqdan ochiq jinoyatlarning ayni takrori bo‘lib borayotgandi. Keskinlashuv ortishi fonida Iroq Bosh vaziri va Qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Muhammad as-Sudaniy Livanda yuzaga kelgan og‘ir vaziyat munosabati bilan mamlakatga kelgan livanliklarga bepul kirish vizalarini berishni buyurdi. Tinch boshpana ilinjidagilar soni ortib borayotgan pallada Suriya rasmiylari favqulodda xizmatlar va tibbiyot muassasalariga Livandan kelayotgan fuqarolarga yordam ko‘rsatish uchun 24 soatlik uzluksiz ish tartibiga o‘tish bo‘yicha buyruq berdi. Suriya hukumati yaradorlarni evakuatsiya qilish uchun chegara postlariga tez yordam mashinalari, kecha-yu kunduz navbatchilik qiluvchi ixtisoslashgan shifokorlar yuborildi. Livan va Isroil chegarasida, shuningdek, mamlakat ichida vaziyat ayanchli tus olib borar, ammo genotsid ramziga aylangan Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasi minbarida va boshqa bayonotlarida Isroil o‘z maqsadlariga yetmaguncha Livan hududiga zarba berishda davom etishini butun dunyo hamjamiyatiga ma’lum qildi. 27 sentyabr kuni kechqurun Isroilning qiruvchi samolyotlari “Hizbulloh” tashkiloti shtab-kvartirasi joylashgan Bayrutning janubiy chekkasidagi aholi zich joylashgan Dahiya tumaniga kamida 10 marta raketa hujumi uyushtirdi. Zarba Bayrut xalqaro aeroportiga olib boruvchi shossedagi Burj al-Barajna lageri yaqinidagi “Hizbulloh” qarorgohiga qaratilgani aytildi. Isroil armiyasi zarba guruhning markaziy qarorgohiga qaratilganini da’vo qildi. Mazkur qo‘poruvchilik oqibatida o‘nlab o‘lim holatlari va ulkan hajmdagi vayronagarchilik yuz berdi va Dahiya hududida butun boshli mavze yo‘q qilindi. Poytaxt Bayrutdagi shifoxonalarda qon yetishmovchiligi holati kuzatilib, fuqarolarning qon topshirishlari uchun shoshilinch chaqiruvlar amalga oshirildi. Hujum tafsilotlari va u bilan bog‘liq ma’lumotlar bir kun o‘tib, rasman e’lon qilindi va bu ikki o‘rtadagi mojaroda burilish nuqtasi bo‘ldi. Keyinchalik Isroilning mazkur zarbasi oqibatida “Hizbulloh”ning 32 yillik yetakchisi Hasan Nasrulloh hamda unga yordam berish uchun Erondan Livanga jo‘natilgan Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi qo‘mondoni o‘rinbosari, general-mayor Abbos Nilforushan halok bo‘lgani ma’lum qilindi. Nasrulloh o‘lishi ortidan Eron oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiy xavfsizlik choralari kuchaytirilgan mamlakat ichidagi xavfsiz joyga ko‘chirildi. Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon o‘z bayonotida Nasrullohni Isroilga qarshi kurashi uchun olqishladi va “sionistlarning terror hujumi qarshilik oilasini har qachongidan ham kuchliroq qilishini” ta’kidladi. O‘z navbatida, Eron Tashqi ishlar vazirligi vakili Nosir Kanani “Hizbulloh” yetakchisining tugatilishi haqidagi xabarga munosabat bildirar ekan, Nasrullohning yo‘li davom etishi va harakat o‘zining asosiy maqsadi bo‘lgan Quddusni ozod qilish yo‘lidan to‘xtamasligini ma’lum qildi. Bu orada Livanda ommaviy tarzda mamlakatni tark etish to‘lqini jiddiy tus oldi. Isroilning mamlakatga bergan harbiy zarbalari tufayli kamida 50 ming kishi Livandan Suriyaga ko‘chib o‘tdi. 200 mingga yaqin kishi esa Livan ichida bir joydan boshqa joyga ko‘chdi. Bu vaqtda “Hizbulloh” juda og‘ir tushkun davrni boshdan kechirar, harakat o‘z tarkibini qayta tiklash va yangi yetakchi tayinlash kabi qiyinchiliklar qarshisida qoldi. Nasrullohning o‘limi tasdiqlangandan so‘ng ko‘p o‘tmay yangi ehtimoliy rahbar nomi oshkor qilindi. Bu Hasan Nasrullohning amakivachchasi hamda Eronning “Quds” kuchlari sobiq qo‘mondoni, 2020 yilda AQSH havo hujumida o‘ldirilgan Qosim Sulaymoniyning kuyovi Safi ad-Din edi. Manbalarga ko‘ra, 2008 yilda Nasrulloh uni o‘zi vafot etgan taqdirda merosxo‘r qilishga tavsiya qilgan. “Al Arabiya” nashrining yozishicha, Safi ad-Din 30 yil davomida guruhning maxfiy ishlari bilan shug‘ullangan. BBC Arabic’ning aniqlik kiritishicha, u “Hizbulloh”ning siyosiy, ijtimoiy, madaniy va ma’rifiy faoliyatini nazorat qilishda ishtirok etgan. 2017 yilning may oyida AQSH va Saudiya Arabistoni Safi ad-Dinni terrorchilar ro‘yxatiga qo‘shgan edi. “Hizbulloh” o‘zining administrativ masalalarini hal qilish bilan ovora bo‘lgan mahal Isroil Livanga yo‘llanadigan havo hujumlarini yanada halokatli darajaga olib chiqishni davom ettirdi. 29 sentyabr kechki payt Isroil bosqinchi kuchlarining jangovar samolyotlari Livanning Bekaa vodiysi hududida, shuningdek, mamlakat janubidagi nishonlariga bir qator zarbalar bergani haqida xabar berdi. Isroil armiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, zarba berilgan nishonlar orasida “Hizbulloh”ning raketa otish moslamalari va qurol-yarog‘ omborlari bo‘lgan. Ammo har doimgidek bu zarbalarda ho‘l-u quruq birdek yongan. Livan Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 29 sentyabr kuni Isroil havo hujumlari oqibatida kamida 105 kishi halok bo‘lgan bo‘lsa, 359 kishi og‘ir yaralangan. Oradan bir kun o‘tib, 30 sentyabr erta tongda Isroil Bayrutning markaziy Kola mahallasiga ham havo hujumi uyushtirdi va buning oqibatida yana bir qancha o‘lim holatlari qayd etildi, 16 kishi jarohatlandi. Bu Isroilning Livan poytaxti markaziga Yaqin Sharqdagi mojaro avj olishining yangi bosqichi boshlanganidan beri birinchi havo hujumi edi. Poytaxtga berilgan zarba Isroil surbetlarcha barcha qizil chiziqlarni bosib o‘tganini bildirardi.
So‘nggi tafsilotlar
30 sentyabr erta tongdan qon to‘kishni boshlagan SAXAL shu kuni kechki payt Livan bilan bog‘liq noqonuniy qaror qabul qilish arafasida edi. Yahudiy davlatining bosqinchi kuchlari Isroil shimolida – Metula, Misgav Am va Kfar Giladi aholi punktlari hududida yopiq harbiy zona tashkil etilganini rasman e’lon qildi. Deyarli bir vaqtning o‘zida Livan armiyasining bo‘linmalari mamlakat janubidagi o‘z pozitsiyalarini tark etib, besh kilometr ichkariga chekinishga majbur bo‘ldi. 1 oktyabrga o‘tar payti esa Isroil kuchlari (SAXAL) Livan janubida “Hizbulloh”ga qarshi quruqlikdagi operatsiyani boshlab, Isroil tanklari allaqachon Rmeish qishlog‘i hududiga yetib borgani haqida xabarlar tarqaldi. Ammo SAXAL voizi Daniel Hagariy 1 oktyabrga o‘tar kechasi Isroil harbiylarining harakatlari haqida ma’lumot tarqatmaslikka chaqirdi va bu hujum borasidagi aniqlikka putur yetkazishini aytdi. Netanyaxu rejimining mazkur provokatsiyasiga javoban 1 oktyabr kuni “Hizbulloh” Isroil harbiylari to‘plangan hududlarga va Tel-Avivdagi nishonlarga raketa hujumlarini amalga oshirdi. Bu “Hizbulloh” muammolar ichida qolgan qisqa davrdan so‘ng Isroilga bergan ilk jiddiy zarbalaridan biri bo‘ldi. Mazkur hujum ortidan Tel-Avivdagi Isroil harbiy razvedka shtab-kvartirasi joylashgan Glilot bazasiga Fadi-4 raketalari yaxshigina zarar yetkazgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, uchirilgan raketalardan o‘ntasi nishonlarga aniq yetib borgan. Zarbalar oqibatida 50 yoshli isroillik erkak yaralangan. Bundan tashqari, “Hizbulloh” bir vaqtning o‘zida Metula, Avivim va Rosh-Pina aholi punktlari, shuningdek, Dovev bazasidagi Isroil harbiy kuchlariga ham raketa zarbalari uyushtirdi. Ertasi kuni 2 oktyabrda esa “Hizbulloh” ilk bor Isroil piyoda kuchlari bilan to‘qnashuvga kirishdi. Bu ikki o‘rtadagi dastlabki to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘qnashuv bo‘ldi. Isroil Livanda quruqlik operatsiyasi, to‘g‘rirog‘i bosqin boshlashi rasman start olganidan so‘ng 2 oktyabr tongida “Hizbulloh” kuchlari Odaysse qishlog‘iga kirishga uringan Isroil piyoda kuchlari bilan to‘qnashdi va ularga yetarlicha talafot yetkazib, chekinishga majbur qildi. Quruqlikdagi bosqinda muvaffaqiyatsizlikka uchragan va “Hizbulloh”dan tarsaki qabul qilib olgan Isroil bor e’tiborini yana havo hujumlariga qaratdi. 3 oktyabr kuni Isroil Bayrut markaziga navbatdagi zarbasini yo‘lladi va oqibatda olti kishi halok bo‘ldi. Zarba Al-Bashur tumanida, Livan parlamenti hamda BMTning mintaqaviy shtab-kvartirasi yaqinida joylashgan binoga berilgan. Mazkur hujum oqibatida “Hizbulloh”ga tegishli tibbiyot markazi shikastlangan. 4 oktyabrga o‘tar kechasi Isroil Livanga yana havo hujumlari uyushtirdi. Ahamiyatli jihati shundaki, bu hujum nishoni “Hizbulloh”ning potensial yangi yetakchisi Safi ad-Din ekanligi aytildi. Manbaga ko‘ra, Safi ad-Din 4 oktyabr kuni Bayrut janubidagi Daxiyaning chekkasidagi yerosti bunkerida bo‘lib o‘tgan “Hizbulloh” rahbariyatining yig‘ilishida ishtirok etgan. Aynan shu bunker Isroil mudofaa kuchlari zarbasi nishoniga aylangan. “Axios” portali Hoshim Safi ad-Din joylashgan “Hizbulloh” shtab-kvartirasiga 73 tonna portlovchi modda tashlanganini ta’kidladi. Zarbadan keyingi fotosuratlar va videolarda Bayrutning janubiy chekkasida tungi osmonga alanga va katta tutun ko‘tarilayotgani aks etganini ko‘rishimiz mumkin. Guvohlarning “Reuters”ga bildirishicha, ular ushbu zarba sentyabr oyi oxirida Hasan Nasrullohni o‘ldirgan hujumdan ham kuchliroq ekanini his qilishgan. Dastlab asosiy nishon bo‘lgan Safi ad-Dinning ushbu hujumda halok bo‘lgani haqidagi xabar tasdiqlanmadi. Ammo 5 oktyabr kuni “Reuters” Livan xavfsizlik tizimidagi manbalarga tayangan holda Safi ad-Din bilan aloqa uzilganini xabar qildi. “Al Arabiya” esa manbalariga tayanib, Safi ad-Din o‘zining yordamchilari, eronliklar va “Hizbulloh”ning dala qo‘mondonlari bilan birga bo‘lgan Bayrut janubidagi bunkerga berilgan zarbadan so‘ng vafot etganini ma’lum qildi. Ammo “Hizbulloh”ning o‘zi hali bu xabarlarni tasdiqlamadi va ehtimoliy yangi yetakchining taqdiri hali ham noma’lumligicha qolmoqda. Agar taxminlar va ehtimollar o‘z tasdig‘ini topsa va Safi ad-Din rostdan ham halok bo‘lgan bo‘lsa, bu – “Hizbulloh” harakatiga chindan ham ruhiy bosim berishi tayin. Sababi, mazkur voqea harakatning marhum yetakchilari o‘rniga tayinlanadigan keyingi nomzodlar uchun kuchli xavotir olib kelishi va kelajakka umidsizlik bag‘ishlashi mumkin.
Shunday qilib, Isroil-Livan chegarasida Isroil armiyasi va “Hizbulloh” o‘rtasida to‘qnashuvlar 2023 yil 8 oktyabrdan beri davom etib kelmoqda. Yaqinda bo‘lib o‘tgan BMT Bosh Assambleyasining 79-sessiyasida tashkilot Bosh kotibi Antoniu Guterrish Livandagi voqealarga to‘xtalib, bu yerda jahannam eshiklari ochilayotgani va hudud ikkinchi G‘azoga aylanish ehtimoli yuqori ekanini ta’kidladi. Ortda qolgan kunlardagi voqealar borgan sari Guterrishning xavotirli bayonotini tasdiqlab boryapti. Livan hukumati ma’lumotlariga ko‘ra, Isroilning 2023 yil 8 oktyabrdan beri Livanga qilgan hujumlari oqibatida halok bo‘lganlar soni 2 mingdan oshdi. Jarohatlanganlar esa 9 yarim mingdan oshib, 10 mingga yaqinlashdi. Mamlakat taqdirida esa Falastin va G‘azodagi o‘ta ayanchli voqeliklarni takrorlash ehtimoli soat sayin oshib bormoqda.
LiveBarchasi