Isroil va HAMAS G‘azo bo‘yicha sulh tuzishga yaqin – “Bloomberg”
Olam
−
17 dekabr
2328Isroil hukumati va HAMAS harakati muzokaralarda katta yutuqqa erishdi va G‘azo sektorida sulh tuzishga yaqinlashdi. Bu haqda isroillik rasmiylarga tayanib, “Bloomberg” xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, mintaqada otashkesim o‘rnatilishi o‘tgan yilga nisbatan ancha realroq istiqbolga ega. Manbalar bu hafta muzokaralardagi ijobiy o‘zgarishlar fonida Isroildan bir ishchi guruhning Dohaga yo‘l olganini, u yerda kelishuv bo‘yicha vositachilar bilan aloqalarni tiklash rejalashtirilganini ma’lum qilgan. Isroil Mudofaa vaziri Isroil Katsning kecha, 16 dekabr kuni parlamentdagi nutqida bildirishicha, sulhga erishish "ilgari hech qachon bo‘lmagan darajada yaqin".
Diaspora ishlari bo‘yicha vazir Amixay Shikliga ko‘ra, hozirda HAMAS bilan barcha garovdagilarni ozod qilishni ko‘zda tutuvchi kelishuvga erishish ehtimoli mavjud. Otashkesim rejasini amalga oshirish bosqichma-bosqich amalga oshiriladi va bu AQSHning saylangan prezidenti Donald Tramp lavozimga kirishidan oldin boshlanishi kutilmoqda.
Nashrning yozishicha, birinchi bosqichda HAMAS tomonidan garovda saqlanayotgan 51 yoshdan oshgan shaxslar, ayollar va turli kasalliklarga chalinganlar ozod qilinadi. Buning evaziga Isroil o‘zida jazoni o‘tayotgan falastinliklarni afv etadi. Shu bosqichda 6-7 haftalik otashkesim joriy etilishi va barqaror sulh bo‘yicha muzokaralar boshlanishi kutilmoqda. Shu vaqt mobaynida G‘azo sektoriga insonparvarlik yordami bilan yuk mashinalari kiritiladi.
Ikkinchi bosqichda qolgan garovdagilarni ham falastinlik mahbuslar evaziga ozod qilish ko‘zda tutilgan. Uchinchi bosqichda esa G‘azoning fuqarolik infratuzilmasini tiklash ishlari boshlanadi.
Nashrga ko‘ra, kelishuv yo‘lidagi asosiy to‘siqlardan biri G‘azo aholisi uchun xavfsizlik maqsadida belgilangan tekshiruvlar va Isroil qo‘shinlarini falastinlik hududlardan olib chiqish tartibiga bog‘liq bo‘lishi mumkin. Shunga qaramay, “Bloomberg” manbalari HAMAS o‘z talablarini yumshatganini, bu esa kelishuvga erishish ehtimolini oshirganini ta’kidlagan.
Ma’lumot uchun, so‘nggi yil davomida HAMAS va Isroil o‘rtasida garovdagilarni ozod qilish bo‘yicha bir necha bor muzokaralar o‘tkazilgan, ammo natijaga erishilmagan edi. 2023 yil noyabr oxirida erishilgan bir haftalik sulh davomida 105 nafar garovdagi shaxs ozod qilingandi. Isroilning hisob-kitoblariga ko‘ra, 2023 yil 7 oktyabrda garovga olingan 251 kishidan 96 nafari hanuzgacha G‘azoda saqlanmoqda. O‘tgan 14 oy ichida Isroil harbiylari sakkiz nafar garovdagilarni qutqarib, 38 nafarining jasadlarini qaytargan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq senator Lindsi Grem “Axios”ga bergan intervyusida AQSHning saylangan prezidenti Donald Tramp 20 yanvarda o‘z lavozimiga kirishgunga qadar G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish va garovdagilarni ozod qilish bo‘yicha kelishuvga erishish niyatidaligini ma’lum qilgandi.
LiveBarchasi