G‘azodagi mojarolar fonida Garvard universiteti prezidenti iste’foga chiqdi
Olam
−
03 yanvar
7632Garvard universiteti prezidenti Klodin Gay iste’foga chiqdi. Uning o‘rinbosari Alan Gerber esa muvaqqat rahbar etib tayinlandi.
Universitet veb-saytida e’lon qilingan bayonotda olima ayol uning ketishi Garvard manfaatlariga mos kelishi va prezidentga nisbatan noroziliklar fonida sodir bo‘lganini bildirgan.
“Garvard manfaatlari yo‘lida men iste’foga chiqdim, shunda bizning hamjamiyatimiz shaxsga emas, balki institutga e’tibor qaratib, ushbu favqulodda qiyinchilik lahzasini yengib o‘tishi mumkin”, degan sobiq prezident o‘z bayonotida.
Gap shundaki, oldinroq kongressmenlar professor ayolni Falastin-Isroil urushi boshlanganidan beri akademik hamjamiyatda antisemitizm avj olishiga qarshi kurasholmaganlikda ayblagan.
Xususan, uning AQSH Kongressidagi nutqi jiddiy rezonansga sabab bo‘lib, sobiq universitet rahbari yahudiylarni genotsidda ayblash Garvard siyosatining buzilishimi yoki yo‘qmi, degan savolga aniq javob bera olmagan.
Shuningdek, Klodin Gay HAMASni qo‘llab-quvvatlash va antisemitistik bayonotlar berish, yahudiylarga nisbatan tajovuzkorona munosabatda bo‘lgan talabalarni rag‘batlantirishda ayblanmoqda.
Ma’lumot uchun, Garvard AQSH Ta’lim departamenti tomonidan asosan yahudiy talabalarga nisbatan kamsitish holatlari uchun tergov boshlagan 14 ta ta’lim muassasasidan biri hisoblanadi.
70 dan ortiq kongressmen Gay va Pensilvaniya universiteti rektori Elizabet Medjill va Massachusets texnologiya instituti rektori Salli Kornblutni ishdan bo‘shatishni talab qilib, ochiq xatga imzo chekkan.
Shuningdek, Gay lavozimini tark etishiga doktorlik dissertatsiyasida topilgan plagiat ham sababligi aytilmoqda. U ilmiy ishlarida ko‘chirmachilikda ayblangan. Uning 1998 yilda davlat boshqaruvi bo‘yicha doktorlik darajasidagi ilmiy ishlarida noto‘g‘ri iqtibos keltirish holati topilib, bir qator tadqiqotchilar tomonidan tanqid qilingan.
2023 yilning iyul oyidan e’tiboran ish boshlagan Gay Garvard universitetiga rahbarlik qilgan birinchi afro-amerikalik ayol bo‘lgan. Ayni damda gaitilik muhojirlarning farzandi bo‘lgan Klodin Gay o‘qituvchilik qilmoqchiligini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, 2023 yilning noyabr oyi boshlarida Tramp bepul universitet ochib, Garvarddan pul undirmoqchi ekani haqida xabar bergan edik.
LiveBarchasi