G‘azoda Yosir Arofatning uyi vayron qilindi (foto)

Olam

image

Isroil harbiylari Falastin ozodlik harakati yetakchilaridan biri Yosir Arofatning G‘azodagi uyini topib, vayron qildi. Bu haqda Falastin Madaniyat vazirligi ma’lum qildi. 

Vazirlikka ko‘ra, Isroil askarlarining bunday qo‘poruvchilik harakatlari falastinliklarning qadr-qimmati va jasorat timsollarini yo‘q qilishdan iborat.

Falastin Madaniyat vaziri Abu Sayfning ta’kidlashicha, uyda Arofat hayotining turli bosqichlarini aks ettiruvchi, uning o‘z xalqi ozodligi yo‘lidagi kurashi va fidoyiligini namoyon etgan san’at asarlari va qator ko‘rgazmalar mavjud bo‘lgan.

Qayd etilishicha, shiddatli janglar oqibatida anklavda joylashgan uy vayron bo‘lgan. 

“Uy o‘zining tarixiy ahamiyati va joylashuvi bilan tariximizning muhim lahzalaridan biri bo‘lib qoladi, shu bilan birga, ishg‘olchilarning buzg‘unchilik harakatlari ularning naqadar shafqatsizligini yana bir bor isbotlaydi”, degan Abu Sayf.

Shuningdek, vazir G‘azoga qarshi davom etayotgan urush paytida Falastin madaniy meroslariga, jumladan, tarixiy inshootlar, masjidlar, cherkovlar, madaniy markazlar, diqqatga sazovor joylar, muzeylar, kutubxonalar, nashriyotlar va universitetlarga qilingan hujum Isroil siyosatining tub ildizi ekanini qo‘shimcha qilgan.

Ma’lumot uchun, 1995-2001 yillarda Yosir Arofat yuqorida nomi qayd etilgan uyda yashagan. 2004 yilda davolanish uchun bosh qarorgohini Ramallohdan Fransiyaga ko‘chirgach, o‘sha yerda vafot etadi. U 1950 yillarda amaldagi Prezident Mahmud Abbos boshchiligidagi Falastin ma’muriyati hukumatini tashkil etuvchi Fath partiyasining asoschisi bo‘lgan. 1996 yil 20 yanvarda 83% ko‘pchilik ovoz bilan Falastin Prezidenti etib saylanadi. 1993 yili Norvegiya poytaxti Oslo shahrida Isroil Bosh vaziri Isxak Rabin va Yosir Arofat ishtirokida tinchlik shartnomasi imzolanishi ortidan ular Nobel mukofoti bilan taqdirlanadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq G‘azodagi qurbonlar soni 29 mingdan oshgani haqida xabar bergan edik.


Maqola muallifi

Teglar

uy Falastin G'azo vayrona Yosir Arofat

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing