G‘azoda uch oyda 100 dan ortiq norasida halok bo‘ldi – UNICEF

Olam

image

2025 yil 19 oktyabrda o‘t ochishni to‘xtatish rejimi kuchga kirganidan beri o‘tgan uch oy ichida G‘azo sektorida 100 dan ortiq bola halok bo‘ldi, yana ko‘plari jarohat oldi. Bu haqda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bolalar jamg‘armasi (UNICEF) vakili Jeyms Elder Jenevadagi BMT byurosining matbuot anjumanida ma’lum qildi.  

“Bu shuni anglatadiki, o‘t ochishni to‘xtatish amalda bo‘lgan vaqtda har kuni o‘rtacha bitta o‘g‘il yoki qiz bola halok bo‘lgan. Demak, G‘azodagi hayot hamon chidab bo‘lmas darajada qolmoqda”, deydi tashkilot vakili.  

U eksklavda yashab qolish juda qiyin bo‘lib qolayotganini, chunki o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi kelishuv davrida ham bombardimon va hujumlar butunlay to‘xtamaganini qayd etgan. 

Elder G‘azo aholisi og‘ir qish sharoitida yashayotganini alohida ta’kidlab, UNICEF bu borada yordam ko‘rsatishni davom ettirayotganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi bir necha kun ichida yana bir necha bola sovuqdan vafot etgan va bu qishda gipotermiyadan o‘lgan bolalarning umumiy soni oltitaga yetgan. 

UNICEF vakili o‘t ochishni to‘xtatish sog‘liqni saqlash, oziq-ovqat, suv ta’minoti va sanitariya sohalarida ba’zi gumanitar yaxshilanishlarga erishishga imkon berganini tan oldi, biroq bolalarning ahvoli hamon fojiali ekanligini ta’kidladi. 

Elder, nihoyat, bolalarga haqiqiy xavfsizlikni ta’minlash uchun o‘t ochishni to‘xtatishga to‘liq rioya qilishga, gumanitar yordamni to‘siqsiz yetkazib berishga va tibbiy evakuatsiyani amalga oshirishga chaqirdi. 

2023 yil 8 oktyabrdan beri Isroilning G‘azo sektoriga qilgan hujumlari oqibatida 71 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi, 171 mingdan ortiq kishi jarohat oldi. Mintaqa ulkan vayronagarchiliklarga duchor bo‘ldi. 

Hisob-kitoblarga ko‘ra, fuqarolik infratuzilmasining qariyb 90 foizi vayron bo‘lgan, taxminan 70 million tonna vayronalar to‘plangan. Vayronalar ostida hali ham minglab halok bo‘lganlarning jasadlari qolmoqda. 

Isroil o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi kelishuv bo‘yicha majburiyatlarini bajarmagani va G‘azoga chodirlar, konteyner uylari va qurilish materiallari yetkazib berishga ruxsat bermagani sababli falastinliklar munosib uy-joylardan mahrum bo‘lmoqda va barcha xavf-xatarlarga qaramay, bombardimonlardan qattiq zarar ko‘rgan binolarda boshpana topishga majbur bo‘lmoqda. G‘azo hukumati mintaqaga konteyner uylari va vayronalarni tozalash uchun og‘ir texnikani imkon qadar tezroq yuborishni talab qilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

UNICEF

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing