G‘azoda ochlikdan halok bo‘lganlar soni 382 kishiga yetdi

Olam

image

2023 yilning oktyabridan buyon G‘azo sektoridagi blokada fonida ochlikdan halok bo‘lganlar soni 382 nafarga yetdi, ular orasida 135 nafar bola ham bor. Bu haqda bugun, 6 sentyabr kuni Falastin Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.

“G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligi oxirgi 24 soat ichida ochlik va to‘yib ovqatlanmaslikdan olti kishining, jumladan, bir bolaning o‘limi qayd etilganini ma’lum qildi. Shu tariqa, umumiy halok bo‘lganlar soni 382 nafarga yetdi, ularning 135 nafari bolalar”, deyiladi bayonotda.

Sektor ma’muriyati ma’lumotiga ko‘ra, faqat joriy avgust oyining o‘zida ochlikdan 185 kishi vafot etgan. Bu mart oyida blokada kuchaytirilganidan beri eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi. Hozirda besh yoshgacha bo‘lgan 43 ming bola va 55 mingdan ortiq homilador hamda emizikli ayollar to‘yib ovqatlanmaslikdan aziyat chekmoqda.

BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti joriy yilning 22 avgust kuni ilk bor G‘azo sektorida ochlik bo‘yicha falokatli holat e’lon qilgandi. Baholashlarga ko‘ra, sentyabr oxiriga borib 640 mingdan ortiq odam oziq-ovqat tanqisligining eng yuqori darajasi – oziq-ovqat xavfsizligi tasnifidagi beshinchi fazaga duch keladi.

G‘azo ma’muriyatining ma’lum qilishicha, Isroil joriy yilning 27 iyulidan 30 avgustigacha falastinliklarga qisman gumanitar yordam yetkazib berishni qayta tiklagan davrda sektorga 3188 ta yuk mashinasini kiritishga ruxsat bergan. Biroq bu aholining yordamga bo‘lgan ehtiyojining atigi 15 foizini qoplaydi. Shu bilan birga, Isroil yuzlab oziq-ovqat mahsulotlarini, jumladan, go‘sht, baliq, tuxum, meva-sabzavot, ayrim sut mahsulotlari va oziq-ovqat qo‘shimchalari kabi eng muhim mahsulotlarni kiritishga to‘sqinlik qilmoqda.

Mahalliy hokimiyatning bildirishicha, ko‘plab yuk mashinalari Isroil harbiylarining ko‘z yumishi ostida talon-toroj qilinmoqda. Ularning hisob-kitobicha, aholining oziq-ovqat, birinchi zarur mahsulotlar, yoqilg‘i va dori-darmonlarga bo‘lgan minimal ehtiyojini ta’minlash uchun har kuni kamida 600 ta gumanitar yordam yuk mashinasi sektorga kiritilishi lozim.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH armiyasining iste’fodagi 2 nafar zobiti G‘azodagi yordam tarqatish nuqtalarida Isroilning vahshiyliklarini fosh qilib, senatorlarni genotsidga hamkorlikda ayblab chiqqani xabar qilingandi.


Maqola muallifi

Teglar

ochlik G'azo

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing