G‘azo tinchlik rejasini ko‘z yoshlar bilan qarshiladi (foto, video)
Olam
−
09 Oktabr 2025 4736 2 daqiqa
Avvalroq, Isroil va HAMAS Misrda bo‘lib o‘tgan muzokaralarda tinchlik rejasining birinchi bosqichi bo‘yicha kelishuvga erishgani xabar berilgandi. Ikki yillik bombardimonlardan charchagan G‘azo aholisi o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi kelishuvni nishonlash uchun ko‘chalarga chiqdi.
G‘azo aholisi tun bo‘lishiga qaramasdan, ikki yillik qonli to‘qnashuvlar so‘nggi nuqtaga yetganini nishonlash uchun ko‘chalarga chiqqan. Ular o‘zlaridagi hayajon va his-tuyg‘ularni videoga olib, ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirgan.

Videolar orqali ko‘rish mumkinki, odamlar shiorlar aytib, raqsga tushmoqda. Yosh bolakaylar ham kattalarga qo‘shilgan holda bu ulkan “bayram”ni nishonlash uchun chiqqan.

Hududda faoliyat olib borayotgan jurnalistlar ham ularning quvonchini OAVga sizdirmoqda. Reportajlar tayyorlanib, ba’zi jurnalistlar ustlaridagi harbiy kiyimlarni yechib tashlagan – bu urushning yakunlanish bosqichiga yetganini ko‘rsatadi.

Qayd etish joiz, 8 oktyabr kechasi AQSH Prezidenti Donald Tramp o‘zining ijtimoiy tarmog‘ida Isroil va HAMAS o‘rtasida bitimning birinchi bosqichi bo‘yicha kelishuvga erishilganini e’lon qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yaqin orada garovdagilar uylariga qaytadi, Isroil esa o‘z qo‘shinlarini “kelishilgan chiziq” ortiga olib chiqadi. Tramp bu voqeani “arab va musulmon dunyosi, Isroil, barcha qo‘shni davlatlar hamda AQSH uchun buyuk kun” deb atagan.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, HAMAS tomonidan garovga olingan 20 nafar isroillik 13 oktyabr kuni qaytariladi.
Bitim bo‘yicha muzokaralar Misrning Sharm-al-Shayx shahrida bo‘lib o‘tdi. Muzokaralarda Qatar, Misr va Turkiya vositachilik qildi, AQSH esa milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchilar va Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakillari orqali ishtirok etdi.
Live
Barchasi